Janubda boshlangan musobaqa yakunlandi

0
1040

Avval xabar qilganimizdek, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi garnizonlarida boshlangan Mudofaa vazirligi miqyosidagi “Eng ilgʻor batalyon (divizon)” koʻrik-tanlovi nihoyasiga yetdi.

“Eng ilgʻor batalyon (divizon)” koʻrik-tanlovi batalyon va divizionlarning jangovar tayyorgarligi, turli xil jismoniy va ruhiy yuklamalarni yengib oʻtishdagi mahorati va jangovar vazifalarni bajarishdagi shayligini aniqlash hamda qoʻshinlarda sogʻlom raqobat va oʻzaro musobaqa muhitini yaratish, harbiy xizmat nufuzini, harbiy xizmatchilarning professionallik darajasini oshirish kabi maqsadlarda tashkil qilingan.

Ushbu maqsadlarga erishish yoʻldagi nazorat mashgʻulotlari saf koʻrigi bilan boshlandi. Unda boʻlinmalarning butlanganligi, shaxsiy tarkibning tashqi koʻrinishi (anjom-aslahasi), qurol va texnikalar holati, oʻquv-moddiy bazasi, saf uygʻunligi, tantanali marsh va saf qoʻshigʻi bilan oʻtishdan tortib harbiy xizmatchilarning salomatligigacha nazardan chetda qolmadi. Shaxsiy tarkib, texnika va qurol-aslahalarni kolonnaga tizilish hududiga olib chiqish asnosida esa komandirning boʻlinmani boshqarish mahorati tekshirildi.

Ishtirokchilarning tayyorgarlik mahorati kunduzi va tundagi amaliy mashgʻulotlarda, artilleriya boʻlinmalari mutaxassislarining tayyorgarligi esa artilleriyadan otish va oʻt ochishni boshqarish boʻyicha sinov mashqlarida aniqlandi. Shuningdek, 3 km anjom bilan marsh yugurish, toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish, 15 km piyoda yurish (azimut boʻyicha harakatlanish, zararlangan hududdan oʻtish, xavfli maskandan yashirinib (emaklab) oʻtish, guruh tarkibida har bir ishtirokchi pichoqni 6-10 m uzoqlikdagi nishonga otib, sanchish), yogʻochlarni koʻtarib guruhlar tarkibida uzoq masofaga yugurish va mavjud toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish kabi chidamlilik sinovlari tashkil etildi.

Joyda joylashuv (aloqa oʻrnatish, qoʻriqlash va himoya qilish rejasini ishlab chiqish), niqoblanishni tashkillashtirish, yashovchanlik elementlari (olov yoqish, suv topish va hayvon ovlash uchun moslama tayyorlash), ekipajlar tarkibida texnik tayyorgarlik meʼyorlarini bajarish esa mashgʻulot ishtirokchilarining topqirligini oshirishga xizmat qildi.

Shu tariqa koʻrik-tanlov davomida harbiy xizmatchilar polvonlar yurtida ekanliklarini ham maʼnaviy, ham jismoniy jihatdan isbotladilar. Yaʼni, ular oʻzlarining har tomonlama toblanganliklarini amaliy natijalari bilan namoyon etdilar. Vazirlik miqyosidagi eng kuchlilar esa 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni arafasida maʼlum boʻladi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti