Yuksak jangovar ruh — askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudrati!

0
1194

Janubiy operativ qoʻmondonligi ofitserlari tomonidan Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari bilan “Yuksak jangovar ruh — askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudrati” mavzusida oʻquv mashgʻuloti tashkil etildi.

Oʻquv mashgʻuloti davomida xizmat olib borayotgan xodimlarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirishga qaratilgan maʼruzalar hamda ulugʻ sarkarda va jangchi sifatida dunyoga tanilgan ajdodlarimizning jangovar ruhiyati tasvirlab berildi.

Jumladan, qo‘mondonlik boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Alisher Shirinov har qanday tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga tayyor milliy armiyamiz — xalqimiz, mamlakatimizning ishonchli va mustahkam qalqoni ekanligi, hozirgi kunda harbiy kadrlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi bilan birga, vatanparvarlik tarbiyasiga jiddiy ahamiyat qaratilayotgani haqida maʼlumot berdi.

Haqiqatan ham milliy ruh kuchli boʻlsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori boʻladi. Kelajakda harbiy boʻlishni orzu qiladigan botir farzandlarimiz milliy ruhni, muqaddas Vatan taqdiri uchun masʼuliyat tuygʻusini Vatanimiz boy tarixidan, Amir Temur kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratidan oladi. Yoshlarga hamisha oʻrnak va namuna boʻlib kelayotgan chinakam fidoyi harbiy xizmatchilardan oladi.  

Shuning uchun har bir askar va serjantda, ofitser va generalda, butun shaxsiy tarkibda milliy ruh va gʻurur kuchli boʻlishi kerak. Milliy ruh, bu — yengilmas kuchdir. Harbiy xizmatchilarda milliy ruh yuksak boʻlsa, ular oʻz oldilariga qoʻyilgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado eta oladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni