AQSh Xalqaro strategik tadqiqotlar assotsiatsiyasi prezidenti Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘ldi

0
607

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro strategik tadqiqotlar assotsiatsiyasi prezidenti Gregori Kopli tashrif buyurdi.

Dastavval Xalqaro ekspert akademiya boshlig‘i polkovnik Shavkat Mamajonov hamrohligida o‘quv muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, bu yerda kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim jarayonlari, har bir davlat uchun alohida tashkil qilingan mavzuviy sinflar hamda akademiya tarixi muzeyini tomosha qildi. Shuningdek, u rasmiy tashriflar chog‘ida faxriy mehmonlar uchun mo‘ljallangan qaydlar kitobiga o‘zining tilaklari va imzosini qoldirdi.

Shundan so‘ng akademiyada hududida tashkil qilingan saylov uchastkasida bo‘lib, u yerda saylovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Saylov jarayonida oshkoralik va demokratik tamoyillarning ta’minlanishi borasida qiziqtirgan savollariga javob oldi hamda o‘zining bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Tashrif davomida Gregori Kopli va Qurolli Kuchlar akademiyasi mas’ul vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy ta’lim va harbiy kadrlar tayyorlash hamda harbiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, bugungi kunda Qurolli Quchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada xorijiy davlatlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari haqida ma’lumotlar berildi. Siyosiy barqarorlik masalalari muhokama markazida bo‘lar ekan, tadqiqotchi tomonidan dunyo mamlakatlari ichida O‘zbekistonning bugungi kunda olib borayotgan siyosiy faoliyati va pozitsiyasi yuqori baholandi.

Uchrashuv davomida soha mutaxassislari tomonidan xalqaro ekspertning ilmiy tadqiqotlari muhokama qilinib, tahliliy xulosalari va shaxsiy izlanishlari e’tirof etildi. Uning shu paytgacha chop etilgan maqola va kitoblari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi va tomonlar bu kabi uchrashuvlardan manfaatdor ekanligi bildirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerak, Gregori Kopli strategik masalalar va tarix bo‘yicha 32 kitob hamda mingdan ziyod maqola, leksiyalar muallifi va hammuallifidir.

Eslatib o‘tamiz, Gregori Kopli bundan ikki yil oldin ham rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lgan. Shuningdek, u joriy yilning 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini xalqaro ekspert sifatida Farg‘onada bevosita kuzatadi.

Leytenant Muhammadjon XO‘JAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti