Kursantlar intellektual o‘yinda bellashdi

0
603

Barchamizga yaxshi maʼlumki, 1989-yilning 21-oktabr kuni Oʻzbek tiliga — davlat tili maqomi berildi. Ushbu sana munosabati bilan Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurtida “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida zakovat intellektual oʻyini oʻtkazildi.

Intellektual oʻyinda bilim yurti kursantlari, Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari va Milliy gvardiyaning Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Dastavval, bilim yurti gumanitar fanlar kafedrasi katta oʻqituvchisi Mansur Sherov soʻzga chiqib, oʻzbek tilida toʻgʻri, ifodali soʻzlash va yozish, ona tilimizning sofligi va boyligi toʻgʻrisida tinmay gʻamxoʻrlik qilish, uning isteʼmol doirasini kengaytirish davlatimiz fuqarolarining burchi sanalishini alohida taʼkidladi. Xususan, har bir yosh va oʻquvchi oʻz ona tilidagi soʻz boyligini oshirish hamda til imkoniyatlaridan oʻrinli foydalanishga doimo harakat qilishi lozim.

Qizgʻin kechgan bellashuvda jamoalar til tarixi, mantiq, adabiyot borasidagi 15 ta savol boʻyicha egallagan bilimlarini sinovdan oʻtkazdi. Yakuniy natijalarga koʻra, bilim yurti kursantlari faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

– Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim, – deydi kursant Ziyodulla Xolboyev. – Bunday vatanparvar harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq oʻzbek tilini rivojlantirishga bevosita hissa qoʻshgan boʻlamiz. Bugungi bellashuvda ustozlarimizdan olgan bilimlarimiz bizga qoʻl keldi. Biz oʻylaymizki, vatanimizni qoʻriqlashda ham olgan bilimlarimizga tayansak, gʻalaba, albatta, bizniki boʻladi.

Shuningdek, Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida “Zakovat” hamda “Til – millatning ruhi, xalqning shukuhidir” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazildi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti