Oʻzbekiston faxriylar terma jamoasi bilan uchrashuv

0
521

Oʻzbekiston faxriylar terma jamoasi joriy yilning 19-23-oktabr kunlari Angliya, Germaniya, Marokash, Belgiya, Kanada va Turkiya kabi jami 24 ta terma jamoa ishtirokidagi Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtadigan “Antalya soccer cup—2022” xalqaro turnirida yurtimiz sharafini himoya qiladi. 15-oktabr kuni ushbu musobaqa oldidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati terma jamoa vakillari bilan uchrashdi.

Taʼkidlash lozimki, shu yilning may oyida Mudofaa vazirligi sport majmuasida Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari faxriylari, Futbol federatsiyasi kengashi, “Veteran” jangchi-faxriylari va nogironlar birlashmasi hamda bir qator boshqa tashkilotlar hamkorligida “Oliy liga 40+” nomini olgan 40 yoshdan oshgan professional va havaskorlar oʻrtasida futbol boʻyicha Oʻzbekiston faxriylari oliy ligasi musobaqalari boʻlib oʻtgan edi.

Chempionatning 12 ta jamoasi tarkibida havaskor futbolchi-faxriylar bilan birgalikda Server Jeparov, Leonid Koshelev, Asror Alikulov, Odil Isaboyev, Anvar Gafurov, Pavel Solomin, Viktor Karpenko, Abdumajid Toirov, Askar Jadigerov kabi yaqin oʻtmishda yurtimizning eng kuchli futbolchilarining ishtirok etishi musobaqa nufuzini birinchi kunlardan belgilab bergandi.

Uchrashuvda oʻtgan asrning 60-70-yillarida afsonaviy “Paxtakor” komandasining afsonaviy oʻyinchisi, bugungi kunda Oʻzbekiston futbol uyushmasi faxriylari raisi Toʻlagan Isoqov, “Veteran”  jangchi  faxriylar va nogironlar birlashmasi raisi Talat Murodov hamda Mudofaa vazirligining boshqa masʼul shaxslari Faxriylar jamoasiga xalqaro musobaqada munosib ishtirok etishlari boʻyicha yaxshi tilaklar bildirib, jamoa aʼzolariga omad tilashdi.

Mudofaa vazirligi faxriylari markaziy kengashi raisi isteʼfodagi polkovnik Abubakir Navroʻzov