Janubda “Vatan tayanchi” otryadlari faoliyati boʻyicha yigʻilish boʻlib oʻtdi

0
1094

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning 2022-yil 2-martdagi qarori bilan “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga asosan Mudofaa vazirligi huzurida “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etilgan.

Qaror talablari asosida Termiz garnizonida Surxondaryo viloyatida joylashgan umumtaʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Baxrom Zulfiqorov ishtirok etib, “Vatan tayanchi” harakatining asosiy vazifasi va maqsadini tushuntirib oʻtdi hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatan taqdiriga daxldorlik, maʼnaviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berdi.

Yigʻilish yakunida ishtirokchilarning “Vatan tayanchi” otryadlari tuzilishi va ularning faoliyati boʻyicha berilgan savollariga maʼruzachilar va masʼul shaxslar tomonidan yetarlicha javoblar berildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni