Nukus garnizonida eng ilgʻor hamshiralar bellashdi

0
719

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Men gʻolib!” shiori ostida anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovi yuzlab harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilari toifasidan barcha sohalar boʻyicha eng ilgʻorlarni aniqlash va ularni ragʻbatlantirishga xizmat qilib kelmoqda.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazilgan ushbu koʻrik-tanlovning “Eng ilgʻor hamshira” nominatsiyasi boʻyicha Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug miqyosidagi bosqichi oʻz kasbining fidoyi va jonkuyar tibbiyot soha mutaxassislarini jamladi.

Unda ishtirokchilar beshta shart boʻyicha harbiy tibbiyot sohasining “oq xalatli malikasi” degan sharafli nomga sazovor boʻlish uchun oʻzaro bilim va tajribada kuch sinashdi.

“Salomlashish” deb nomlangan birinchi shartda ishtirokchilar oʻzlari tugʻilib oʻsgan goʻshasi, oilasi hamda harbiy tibbiy muassasadagi faoliyati haqida videoroliklar hamda jonli soʻzlar orqali ifoda etishdi.

Qisqa vaqt oraligʻida mutaxassislik boʻyicha 20 ta test savollariga javob berish kerak boʻlgan ikkinchi shartda ishtirokchilar nazariy bilimlari sinovdan oʻtdi.

Tibbiyot sohasida nazariy bilimlarning amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunligini namoyon etuvchi uchinchi shartda mohir hamshiralar shartli bemorga muolaja koʻrsatish orqali olingan vazifalarni bajarishdi. Taʼkidlash joizki, mazkur shart ishtirokchilar uchun eng murakkab sinov deb baholanadi.

Shartli yarador va jarohatlangan insonga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatishda ham ishtirokchilar aniq, dadil harakatlari yuqori baholandi.

“Uyga vazifa” deb atalgan yakuniy shartda tanlovning dastlabki, saralash bosqichlarida ilgʻorlikni qoʻlga kiritgan hamshiralar ijodiy, badiiy chiqishlari orqali sanʼatga, adabiyotga, maʼrifatga, milliy urf-odat va anʼanalarga mehr qoʻyganliklarini isbotladi.

Yakuniy natijalarga koʻra, “Eng ilgʻor hamshira” koʻrik-tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan mutaxassis keyingi bosqichga, finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Gʻolib va sovrindorlar diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati