“Men, albatta, Vatan himoyachisi bo‘laman!” loyihasi yo‘lga qo‘yildi

0
701

Jizzax viloyat hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda “Forish” togʻ poligonida ijtimoiylashuvdagi oila farzandlari va viloyat yoshlari uchun “Men, albatta, Vatan himoyachisi bo‘laman!” shiori ostida vatanparvarlik loyihasi o‘tkazildi. 

Mazkur vatanparvarlik loyihasi davomida yoshlar dastavval qurol-aslaha va jangovar texnikalar namoyishi uchun tayyorlangan o‘quv joyi bilan tanishdi. Shuningdek, yoshlarga harbiy xizmachilarning shaxsiy anjomlari, qurol-aslahalar va jangovar texnikalar bo‘yicha keng qamrovli tushunchalar berib o‘tildi.

Shundan so‘ng, bolajonlar o‘rtasida “Biz sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz” shiori ostida sportning stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi va unda faollik ko‘rsatganlar taqdirlandi.

Tadbir yakunida tashkil etilgan madaniy dastur davomida Forish tumani madaniyat markazi xonandalari hamda Jizzax garnizoni harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va milliy ruhdagi badiiy chiqishlar ma’naviy dam olishlarini ta’minladi.

Ta’kidlash kerakki bunday tadbirlar barcha harbiy okruglarda tashkil etib kelinmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati