Harbiy xizmatchi ayollar o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovi o’tkazildi

0
2602

Bugun jamiyatda harbiy ayollar oila va farzand tarbiyasi bilan bir qatorda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash yo’lida ham ibrat bo‘layotgani shubhasiz. Ana shunday zukko ayollarni aniqlash va munosib rag’batlantirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda “To’maris izdoshlari” ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Unda Qurolli Kuchlar tizimida xizmat qilayotgan barcha harbiy xizmatchi ayollar bosqichma-bosqich bellashadilar.

Bugun, 8-oktabr kuni harbiy qism va muassasalar, undan keyin okrug bosqichidan yuqori natijalarni qayd etib kelgan ayol-qizlarimiz musobaqaning yakuniy — Mudofaa vazirligi bosqichida o‘zaro bellashdilar.

Mazkur tanlovda Qurolli Kuchlar tizimida xizmat o‘tayotgan harbiy xizmatchi ayollar “O‘zini tanishtirish”, “Zukkolik”, “Men pazanda ayolman”, “Erkin mavzu” kabi shartlarda o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Asosiysi har bir shartda To‘maris tabiatiga xos shijoatni namoyon etdilar.

“To‘maris” ko‘rik-tanlovida o‘zining g‘alabaga bo‘lgan ishonchi, yuqori intellektual salohiyati, ma’nan va jismonan chiniqqanligini namoyon etgan Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti jamoalari 3-o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugga nasib etgan bo‘lsa, faxrli birinchi o‘rinni Toshkent harbiy okrugi jamoasi qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti