Uch avlod vakillari bilim yurtida jam boʻldi

0
702

Xabaringiz bor, yurtimiz boʻylab “Keksalar haftaligi” keng koʻlamda oʻtkazilmoqda. Joylarda nuroniylar ishtirokida turli uchrashuvlar, maʻnaviy-maʻrifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Chirchiq oliy tank qoʻmondon muhandislik bilim yurtida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi. Unda nuroniylar, hududdagi maktab oʻquvchi-yoshlari, bilim yurti kursantlari ishtirok etishdi.

Dastavval mehmonlar bilim yurtidagi muzey bilan tanishdi, u yerdagi eksponatlar koʻzdan kechirildi. Faxriylarning xotiralari yodga tushib, yoshlarga bu haqida soʻzlab berishdi.

—Agar manga yana imkoniyat berilganda, hech ikkilanmay yana harbiy xizmatni tanlagan bo‘lardim, — deydi Chirchiq shahar “Nuroniylar” kengashi raisi Olimjon Yuldashev. —Chunki insonga bundan ortiq saodat yo‘q. Hozir bilim yurtida yosh kursantlarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib, havasim keldi. Yoshlarimizga aytgan bo‘lardimki, hozir bilim olishning, o‘z ustida ishlashning ayni fursati. Vaqtni qo‘ldan chiqarmay kuchli ishtiyoq bilan harakat qilish kerak. Shundagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin. Bugungi uchrashuv esa haqiqatda esda qolarli bo‘ldi. Yoshlarimizning orzu niyatlarini, erishayotgan yutuqlarini eshitib benihoya xursand bo‘ldik. Demak, yurtimiz dahlsizligi ishonchli qo‘llarda.

Shundan soʻng bilim yurti hovlisida tashkil etilgan badiiy kecha yigʻilganlar eʻtiboriga havola etildi. Bir piyola choy atrofida to‘plangan uch avlod vakillari umr yoʻllari, boshdan kechirgan qiyinchiliklari, mustaqillik yillaridagi oʻzgarishlar, tinchlik neʻmatining qadri haqida suhbatlashishdi. Goʻzal kuy-qoʻshiqlar esa barchaning dilini xushnud qildi.

Tadbir yakunida faxriylar duoga qoʻl ochib, yurtimizga tinchlik, Vatan himoyasiga shaylangan farzandlarga sogʻlik, kuch-quvvat tilashdi.

Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti