Faxriylar doimo e’tibor va e’zozda

0
727

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatida bir guruh faxriy harbiylar mehmon boʻlishdi. Ular dastlab okrug shonli tarixi muzeyi boʻylab sayohat qildi. Bu yerdagi eksponatlar, harbiy xizmatchilarning tariximizga oid ma’lumotlarga ega bo‘lishi uchun yaratilgan sharoitlarga tahsin aytishdi.

Shundan soʻng faxriylar Qarshi harbiy gospitalida tibbiy koʻrikdan o‘tkazildi. Zamonaviy koʻrinishda qad rostlagan, eng soʻnggi tibbiy jihozlar bilan taʻminlangan harbiy shifoxona zamon talablariga toʻliq javob beradi. Nuroniylarni yuksak ehtirom bilan kutib olgan malakali shifokorlar ularni toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi.

Shuningdek, “Keksalar haftaligi” doirasida Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Fargʻona shahridagi harbiy qismida keng ko‘lamli tadbir tashkil etildi.

Unda Jamoatchilik kengashi Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi vakillari, Fargʻona garnizonidagi Qurolli Kuchlar faxriylari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat” degan shiorni oʻzida mujassam etgan gʻoya ilgari surilib, faxriylarimiz yosh harbiy xizmatchilarga oʻzlarining oʻgitlarini ulashdi.

Shundan soʻng, tadbir ishtirokchilari, harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib oʻzlarining taassurotlarini bildirdilar.