Soha mutaxassislariga sertifikatlar topshirildi

0
707

Yurtimiz ulkan bir bunyodkorlik maydoniga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Jumladan, Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism va muassasalarda ham barpo etish, qurilish-taʼmirlash ishlari izchil olib borilmoqda. Shu maʼnoda soha mutaxassislarining malakasini oshirish muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlari qurilish va uy-joydan foydalanish sohasi mutaxassislarining tahsil olgani ayni muddao boʻldi.

Bir oy davom etgan oʻquv kursi davomida tinglovchilar nafaqat soha boʻyicha bilim va tajribalarini oshirdilar, balki ular oʻz faoliyatlari boʻyicha yurtimizda qabul qilinayotgan eng soʻnggi qarorlar va oʻzgarishlar haqida ham batafsil maʼlumot oldilar. Ayniqsa, turli rivojlangan xorijiy mamlakatlardan kelgan mutaxassislar ishtirokidagi seminar-trening va maʼruzalar qizgʻin savol-javob, foydali maʼlumotlarga boy boʻldi.

Kurs mashgʻulotlari va imtihonlarini muvaffaqiyatli oʻtagan ofitser va serjantlarga tantanali ravishda sertifikatlar topshirildi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti