“Vatanparvar” tashkilotida oʻqituvchi va murabbiylar e’tirof etildi

0
1935

Joriy yilning 30-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.

Videoanjuman shaklida oʻtgan tantanali marosimda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi apparati, tashkilot huzuridagi muassasalar va joylardan hududiy kengashlar xodimlari hamda tashkilot tizimida uzoq yillar davomida ishlagan mehnat faxriylari ishtirok etdilar.

Tadbirda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov soʻzga chiqib, tashkilot tizimidagi oʻquv muassasalarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilar, avtomobilni amaliy boshqarishni oʻrgatuvchi ustalar hamda sport murabbiylari va mehnat faxriylarini Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan tabrikladi. Oʻz nutqida u tizimda mehnat qilib kelayotgan fidokor mutaxassislar sharofati bilan minglab fuqarolar, ayniqsa, yoshlar vatanparvarlik ruhida tarbiyalanib, Vatanimiz tinchligini saqlashda, uning ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan kamol topishiga hissa qoʻshib kelayotganligi, tashkilot oʻquv muassasalarida turli texnik kasblarni egallagan fuqarolar esa jamiyatda oʻzlarining munosib oʻrinlarini topayotganligini bildirdi.

Husan Botirov, shuningdek, “Vatanparvar” tashkiloti tizimida sportning texnik va amaliy sport turlari boʻyicha tashkil etilgan sport seksiyalari va toʻgaraklarda yetishib chiqqan juda koʻplab iqtidorli sportchilar nafaqat, mamlakatimiz, balki Osiyo, MDH va butun dunyo miqyosida oʻtkazilayotgan chempionatlarda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotganligini, oʻz navbatida “Vatanparvar” tashkilotining sport sohasidagi keng imkoniyatlari xorijda ham namoyon boʻlayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Tantanali marosim soʻnggida tashkilot tizimida uzoq yillar fidokorona mehnat qilgan xodimlarga, joylardagi bir qator mehnat faxriylariga tashkilotning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti