“Vatanparvar” tashkiloti sportchilari xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi

0
707

Joriy yilning 16-23-sentabr kunlari Qozog‘iston Respublikasining Baykonur shahrida raketamodel sporti bo‘yicha “Baykonur kubogi – 2022” xalqaro sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Rossiya Federatsiyasi hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Belarus respublikalari terma jamoalaridan 200 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qilishdi.

Shiddatli va murosasiz kechgan ushbu bellashuvda sportchilar o‘zlari tomonidan yaratilgan raketa modellari va ularning ochiq osmonda nechog‘lik parvoz qilish imkoniyatlariga ega ekanligini namoyon etdilar.

Musobaqa natijalariga ko‘ra jamoa hisobidan O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, nafaqat hamyurtlarimizning, balki tadbirni qiziqish bilan kuzatib borgan butun dunyo raketamodel sporti ixlosmandlari olqishlariga sazovor bo‘lishdi.

Shuningdek, yakka bahslarda “Vatanparvar” tashkiloti sportchilari quyidagi yuqori o‘rinlarni egalladilar:

  1. Najmiddin Zaylidinov: oltin va bronza medallari (Namangan v.);
  2. Farhod Bakiyev: oltin medali (Samarqand v.);
  3. Hayotbek Qurbonaliyev: kumush medali (Namangan v.);
  4. Firdavs Gulmurodov: kumush medali (Buxoro v.);
  5. Samandar Soqiyev: bronza medali (Namangan v.).

Eslatib o‘tamiz, “Vatanparvar” tashkiloti bir qator xalqaro sport tashkilotlari, jumladan, Xalqaro aeronavtika federatsiyasi (FAI)ning to‘la huquqli a’zosi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati