“Eng yaxshi kitobxon harbiy oila” koʻrik tanlovining okrug bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
736

Har yili Mudofaa vazirligi tizimida anʻanaviy ravishda oʻtkazilib kelinayotgan “Eng yaxshi kitobxon oila” koʻrik-tanlovi harbiy oilalarning adabiyotga, kitobga mehrini, qiziqishni oshirishda muhim roʻl oʻynab kelmoqda.

Markaziy harbiy okrugning Manaviyat va marifat markazida ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiluvchi xayrli tadbirning okrug bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda okrug tasarrufidagi barcha garnizonlaridagi harbiy qism va muassasalardan 11 ta bir-biridan zukko va bilimdon oilalar uchta shart boʻyicha oʻzaro kuch sinashdilar. Bellashuvlarni adabiyotshunos, yozuvchi va kutubxona mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʻati baholab bordi.

Dastlabki shart tanishtiruv deb nomlandi. Unda ishtirokchilar oʻzlarini turli badiiy koʻrinishdagi sahna chiqishlar orqali, yaʻni qaysidir oila sheʻriy, yana biri esa musiqali tarzda tanishtirdi. Har bir oilaning bellashuvga katta tayyorgarlik koʻrgani ushbu dastlabki shartdayoq ma’lum bo‘ldi.

Ikkinchi shart — “Biz kitobxon oilamiz” sharti tanlovning yanada qiziqarli boʻldi. Chunki ushbu shartda ishtirokchilar oʻzlari sevib mutolaa qiladigan shoir va adiblar ijodidan sheʻr, monolog, gʻazallar ijro etib, badiiy chiqishlarda obrazga kirib, mahoratlarini namoyish etishdi.

Uchinchi shartda esa ishtirokchilarga buyuk mutafakkirlar, oʻzbek va jahon adabiyotining yirik namoyondalari asarlari boʻyicha savollar berildi. Shu orqali ishtirokchilarning oʻzbek va jahon adabiyotining qanchalik bilimdoni ekanliklari sinovdan oʻtkazildi.

Tanlov yakunida gʻolib va sovrindorlar okrug qoʻmondonligining diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati