Mudofaa vazirligi “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida sovrindor boʻldi

0
1064

Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi “Eng namunali tuman va shahar” hamda “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovlari gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qarori ijrosi doirasida ikkinchi marta tashkil etilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar natijadorligini oshirish va sohadagi ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirish orqali bu boradagi faoliyatni yangi bosqichga koʻtarish hamda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning sogʻlomligi va barqarorligini taʼminlashdan iboratdir.

“Eng namunali tuman va shahar” tanloviga maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tizimli yoʻlga qoʻygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan hamda oʻz hududida ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlagan 14 ta tuman va shahardan, “Eng namunali vazirlik va idora” tanloviga esa 21 ta vazirlik va idoradan ariza kelib tushdi.

Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar joylarga chiqib, tanlov ishtirokchilarining faoliyatini nizomda belgilangan yoʻnalish va mezonlar asosida oʻrgandi.

“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Ichki ishlar vazirligi 1-oʻrin (92,5 ball), Mudofaa vazirligi 2-oʻrin (92,1), Milliy gvardiya va “Oʻzkimyosanoat” AJ 3-oʻrinni (88,4) egalladi.

Har ikki tanlovning mutlaq gʻoliblariga Prezident sovgʻasi – “Damas” avtomobili va 15 million soʻmlik kitoblar toʻplami taqdim etildi. 2-oʻrin egalariga – 40 million soʻm pul mukofoti va 12 million soʻmlik kitoblar toʻplami; 3-oʻrin sohiblariga – 25 million soʻm pul mukofoti va 8 million soʻmlik kitoblar toʻplami taqdim etildi.

Maʼlumot uchun, oʻtgan yili ushbu tanlovning “Eng namunali vazirlik va idora” yoʻnalishida Mudofaa vazirligi 96,9 ball bilan 1-oʻrinni egallab, “Damas” avtomobilini qoʻlga kiritgan edi.

Leytenant Jahongir Madaminov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti