Istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish

0
713

Markaziy harbiy okrug qo’shinlarida ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish konsepsiyasi”ni amalga oshirish boʻyicha okrug ishchi guruhining istiqboldagi vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishni Markaziy harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni polkovnik Oybek Saidov ochib berdi.

Unda ishtirok etganlar qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda qoʻshinlarning jangovar shayligi hamda tayyorgarligini yaxshilash, Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida 2022-2026-yillarda axloqiy-ruhiy tayyorgarlik obyektlarini takomillashtirish hamda zamonaviy texnik vositalar bilan taʼminlash, psixologik ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Ushbu yig’ilishda konsepsiyaning mazmun mohiyatini o’rganish bilan bir qatorda, har qanday og’ir va murakkab vaziyatda ona Vatanni, milliy mustaqillikni va mamlakat hududiy yaxlitligini ishonchli himoya qilish, harbiy xizmatchilarni kamol toptirish konsepsiyaning asosiy mohiyatini tashkil etishiga alohida ahamiyat qaratildi.

Yig’ilish yakunida Markaziy harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni tomonidan okrug mansabdor shaxslari va mazkur qaror ijrosini ta’minlashga mas’ul bo’lgan bir qator tashkilot va idoralar rahbarlariga tegishli vazifalarni belgilab, qo’shinlarda yuksak jangovar ruh va ahloqiy-ruhiy tayyorgarlik samaradorligini yanada oshirishda hamkorlik muhim o’rin tutishini ta’kidlab o’tildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati