Xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan velomarafon tashkil etildi

0
567

Yaqin masofaga ham shaxsiy transportdan foydalanish zararli turmush tarziga aylanib borayotgan bir paytda yurtdoshlarimizni ommaviy ravishda sogʻlom hayotga tadbiq etish tadbirlariga ehtiyoj sezilmoqda. Shu sababli 22-sentabr — Xalqaro avtomobilsiz kun doirasida Qarshi shahrida ham keng qamrovli marafon tashkil etildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi harbiy xizmatchilar, sport boshqarmasi, davlat va jamoat tashkiloti xodimlari, shuningdek, yuzlab shahar yoshlari ishtirokidagi uzoq masofaga velosiped hamda piyoda yurish marafoni yuqori kayfiyatda start oldi.

Dastlab, Qarshi garnizoni harbiy orkesti sadolari ostida davlat madhiyasi yangradi. Shundan soʻng ishtirokchilar birin-ketin marra sari odimladi. Yuqori kayfiyatda davlat bayrogʻini baland tutib borayotgan ishtirokchilar shahar ahliga oʻzgacha shukuh va sogʻlom turmush tarziga ishtiyoq bergani shubhasiz.

Shuningdek, Janubiy operativ qoʻmondonligi tasarrufidagi barcha harbiy qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchilari ham oʻz xizmat joylariga avtomobilsiz, yaʼni piyoda va velosipedda keldilar.

Zero bu kabi tadbirlarni oʻtkazish mamlakatimizda yoʻl harakati xavfsizligini yanada takomillashtirish, shahar aholisi oʻrtasida ekologik madaniyat hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsad qilingan.

Nukus garnizonidagi 1-sonli yopiq harbiy shaharcha hududida ham mazkur sana munosabati bilan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ixtiyoriy ravishda bir kunga transport vositalarini boshqarishdan voz kechib, sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi aksiyada faol ishtirok etmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti