Oʻzaro manfaatli memorandum imzolandi

0
3747

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

“Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi binosida videoanjuman shaklida boʻlib oʻtgan  tadbirda Tashkilot Markaziy kengashi raisi Husan Botirov, Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev hamda tashkilot apparati xodimlari ishtirok etdi. Ikki tomonlama memorandum imzolanishidan asosiy maqsad, jamoat tashkiloti sifatida faoliyat yuritayotgan “Vatanparvar” tashkiloti va uning tizimidagi muassasalarga Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi kengashi tomonidan amaliy, uslubiy hamda huquqiy yordam koʻrsatib borilishidan iborat.

Tadbirda soʻzga chiqqan tashkilotlar rahbarlari mazkur memorandum “Vatanparvar” tashkiloti tizimidagi rahbarlar va xodimlarning samarali boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirish, moliyaviy barqarorlikka erishish, ijtimoiy muhim loyihalarni ishlab chiqish, ijtimoiy sheriklik va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, ijtimoiy menejment, ijtimoiy tadbirkorlik yoʻnalishlarida salohiyatlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.

Hujjatda, shuningdek, “Vatanparvar” tashkilotining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, davlat dasturlari va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kuchaytirish belgilab qoʻyilgan.

Roʻziqul OCHILOV, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti