Gulxan atrofidagi vaqt qadri

0
859

Chirchiq dala oʻquv maydoni. Quyosh allaqachon ufqqa bosh qoʻygan. Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi professor-oʻqituvchilari, kursantlari hamda Xalqaro armiya oʻyinlari gʻoliblari, bir guruh sanʼatkorlar gulxan atrofida toʻplanishdi.

“Yuksak jangovar ruh – askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir samimiy suhbat, savol-javoblarga boy boʻldi. Yaqindagi tahsil boshlagan, amaliyotni vobastalikda olib borayotgan yosh yigit-qizlarning qiziqishlarining koʻlami keng edi. Mehmonlar ham ularga tajribalarini batafsil gapirib berishdi, harbiy tibbiy faoliyatning gashti va mashaqqatlari haqida toʻxtalishdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasidan ushbu oliy harbiy taʼlim muassasasiga yetti nafar talabgor boʻlgandik. Ular orasidan faqat menga nasib qildi. Bugungi uchrashuv bizga yangi imkoniyatlar borligini isboti bilan koʻrsatib berdi. Xalqaro musobaqalari ishtirokchilari xorijdagi bellashuvlarda hatto raqib jamoa vakillari ham bizning davlatimizni olqishlab, qoʻllab-quvvatlashgani haqida gapirishganida, rosti, men ham ana shunday Vatan himoyachilarining munosib davomchisi boʻlishga oʻz-oʻzimga vaʼda berdim, – deydi kursant Nurjamol Joʻldasbayeva.

30-40 yillik faoliyat davomidagi xulosalari bilan oʻrtoqlashgan ofitserlar kursantlarga asosiy raqiblari vaqt ekanini, uni zaruriy ishlarga yoʻnaltirish barcha yutuqlarning poydevori ekanini taʼkidlashdi. Shu maʼnoda yigʻilganlar gulxan atrofidagi vaqtdan ham samarali foydalanishdi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti