“Adiblar xiyoboni”da harbiylar va oʻquvchilar bilan ijodiy ekskursiya boʻlib oʻtdi

405

“Adabiyot atomdan kuchli, lekin uning kuchini oʻtin yorishga sarflash kerak emas”, degan edi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor. Darhaqiqat, soʻzga qadimdan eng qudratli kuch deb qaraladi. Shu sababdan odamlar hamisha notiqlarga ehtiyoj sezgan, ularga ergashgan, ulardan oʻrgangan.

Yoshlarni ana shunday fikran boy, maʻnan yetuk inson boʻlishlari, ajdodlar yodi haqida boxabar holda ularda vatanparvarlik ruhini yuksaltirish maqsadida “Adiblar xiyoboni”da “Maʻnaviy yuksalish va vatanparvarlik kuni” doirasida yozuvchi Abdulla Qahhor tavalludining 115 yilligi hamda Oybek hayoti va ijodiga bagʻishlangan maʻnaviy-maʻrifiy tadbir oʻtkazildi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur ijodiy uchrashuvda Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari hamda Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 114-sonli umumtaʻlim maktabi oʻquvchilari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Harbiy vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi Maʻmura Zohidova kursantlar va maktab oʻquvchilariga ikki oʻtkir ijodkor haqida, ularning bugungi kungacha oʻrganilayotgan boy adabiy merosi, oʻrnak boʻluvchi hayot va ijod yoʻli haqida soʻzlab berdi.

Ijodkorning ikkinchi umrini uning asarlari yashab beradi, degan naql bor. Shu maʻnoda, bugun “Qutlugʻ qon” va “Navoiy” romanlari, koʻplab nafis sheʻrlar muallifi, A. Pushkinning “Yevgeniy Onegin” sheʻriy romani mohir tarjimoni sifatida Oybek, “Bemor”, “Mayiz yemagan xotin”, “Sinchalak”, “Dahshat”, “Anor” kabi oʻtkir hikoyalari bilan Abdulla Qahhor barhayot yashab kelmoqda desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Adabiy ekskursiya mobaynida ijodkor yoshlar oʻzlarining ijod namunalaridan havola etib, oʻzaro fikr-mulohazalar almashdilar. Ochiq va samimiy oʻtkan suhbatda yoshlarda adabiyotga boʻlgan, qolaversa, harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlari yana bir karra oshdi desak yashlishmaymiz.

Yulduz Oʻrmonova, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti