Xalqaro armiya o‘yinlari g‘oliblari pul mukofoti hamda muddatidan oldin harbiy unvonlar bilan taqdirlandi

0
3640

Bugun, 17-sentabr kuni  “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining Amfiteatrida “ArMI-2022” o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini yuqori ko‘targan harbiy xizmatchilarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi vakillari, Oliy Majlis deputatlari, vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, joriy yilning 15–27-avgust kunlari yilning eng nufuzli harbiy musobaqalaridan biri bo‘lgan “ArMI–2022” Xalqaro armiya o‘yinlarida milliy armiyamiz o‘g‘lonlari munosib ishtirok etib, medallar shodasini qo‘lga kiritishdi. Xususan, shiddatli va murosasiz kechgan xalqaro bellashuvlarda vakillarimiz 7 ta oltin, 10 ta kumush, 5 ta bronza medallariga ega bo‘lishdi. Shuningdek, 22 ta shaxsiy va jamoaviy rekord natijalarni ham qayd etib, 37 ta davlat ichida umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallashdi.

Bayramona tadbirda vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha navbati bilan sahnaga chiqqan harbiy jamoalarning har bir a’zosini qutlab, pul mukofotlarini topshirishdi. Ya’ni, g‘olib va sovrindor bo‘lgan harbiy xizmatchilarimiz lavozim maoshlariga mos ravishda o‘n, olti va uch baravari miqdorida pul mukofoti hamda bir pag‘ona yuqori malaka toifalari bilan rag‘batlantirildi.

Shuningdek, marosim davomida Xalqaro armiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan bir guruh harbiy xizmatchilarga muddatidan oldin navbatdagi harbiy unvonlar topshirildi.

Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov “Armi–2022” Xalqaro armiya o‘yinlarida dunyo armiyalarining eng kuchli jamoalari bilan o‘zaro kurash olib borgan O‘zbekiston bu yil har qachongidan yuqori natijalarini qayd etganini faxr bilan ta’kidlab o‘tdi.

–  G‘alabaga intilish, chidamlilik o‘zbek askarining timsolidir. Uning qoni doimo  jo‘sh etib turadi. Men barchalaringizni armiya o‘yinlaridagi g‘alaba bilan muborakbod etaman. Barchalaringizga kuch-qudrat, xizmatingizda omad tilayman. Bilagingizdagi kuch, sizning ko‘zingizdagi ishonch bilan ifodalanadi. Hech qanday kuch va gazanda sizning ko‘zingizga tik qaray olmaydi. Men uchun eng qudratli askar bu o‘zbek askaridir,- dedi faxr bilan general-leytenant Bahodir Qurbonov.

Albatta, xalqaro maydondagi bu kabi yutuqlar va orttirilgan tajribalar milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning bilim va salohiyatini, kasbiy tayyorgarligini yanada ortishiga xizmat qiladi.

Taqdirlash marosimi konsert dasturiga ulanib ketdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti