Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqdilar

0
380

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining faxriy mehmoni sifatida Samarqandda boʻlib turgan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Turkmaniston Prezidenti birodar Oʻzbekistonda unga koʻrsatilgan samimiy mehmondoʻstlik uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi. Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomini yetkazdi.

Oliy martabali mehmon Samarqandda Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini alohida qayd etdi.

Prezidentlar Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi anʼanaviy yaqin doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani va aniq amaliy mazmun bilan boyiganini mamnuniyat bilan taʼkidladilar.

Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani va yil boshidan 10 foizga ortgani koʻrsatib oʻtildi. Logistika, sanoat, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida qoʻshma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlar hamkorligi va madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda.