Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmon bilan muzokara oʻtkazdi

0
261

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan muzokara oʻtkazdi.

Suhbat avvalida Tojikiston yetakchisi Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligini yuqori baholadi va Prezidentimiz rahbarligida Samarqandda roʻy bergan ulkan yangilanishlarni alohida qayd etdi.

Samarqand sammiti yakunlari SHHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashi va tashkilotning xalqaro nufuzini yuksaltirishi shubhasiz ekani taʼkidlandi.

Prezidentlar birodar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Joriy yil boshidan oʻzaro savdo hajmi 16 foizga oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan elektrotexnika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport va boshqa sohalarda qoʻshma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va butun mintaqa manfaatlariga javob beruvchi loyiha – Yavan GESni barpo etish boʻyicha ishlar boshlangani muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.

Hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlik faol rivojlanmoqda.

Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.