Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari amaliy hamkorlikni kengaytirish borasidagi vazifalar ijrosini muhokama qildilar

0
265

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni qadim Samarqandga tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston qadriyatlari va maʼnaviy-madaniy merosi mushtarak boʻlgan birodar ozarbayjon xalqi bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yuksak qadrlashini taʼkidladi.

Ozarbayjon yetakchisi, oʻz navbatida, davlatimiz rahbariga taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, strategik sheriklik munosabatlari misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqqanini qayd etdi.

Joriy yil strategik sheriklikni mustahkamlashda tarixiy davr boʻlgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Iyun oyida Ozarbayjon Prezidentining davlat tashrifi yakunlari barcha darajalardagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi va amaliy hamkorlikka yangi surʼat bagʻishladi.

Parlamentlararo hamkorlik rivojlanayotgani, savdo hajmi oshayotgani, energetika, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, paxtachilik va ipakchilikda qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuqori baholandi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash muhimligini koʻrsatib oʻtdilar. Avgust oyi oxirida ikki mamlakatning madaniyat va fan arboblari Oʻzbekiston va Ozarbayjonning yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashning asosiy vazifalari batafsil koʻrib chiqildi va bu boradagi kelgusi vazifalar belgilab olindi. Boʻlajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Samarqandda oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti kun tartibi kelishib olindi.