0
345

Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari ikki tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari doʻst Pokiston Bosh vazirini yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, Samarqanddagi SHHT sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Shahboz Sharif samimiy qabul hamda Pokistondagi suv toshqinlaridan jabrlanganlarga koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun Oʻzbekistonga tashakkur izhor etdi. Pokiston mamlakatimiz bilan koʻp qirrali strategik sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Yetakchilar ikki tomonlama, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini batafsil koʻrib chiqdilar.

Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari oʻsib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻtgan yilda ular 47 foizga, joriy yil boshidan yana 10 foizga oshdi. Qoʻshma korxonalar soni 200 taga yetdi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Transafgʻon temir yoʻli loyihasini tezlashtirish, savdo uchun toʻsiqlarni bartaraf etish, tovarlarni oʻzaro yetkazib berish uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligi qayd etildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv ochiq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.