Xitoy Xalq Respublikasi Raisi “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi

0
262

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Oʻzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini tantanali ravishda topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mukofotni topshirar ekan, Xitoy Raisi xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari, ishonch va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga ulkan hissa qoʻshganini qayd etdi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar va Xitoy yetakchisining alohida eʼtibori tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan yuksak darajaga chiqqani, mukammal va jadal tus kasb etgani qayd etildi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid keng koʻlamli dastur va loyihalar faol amalga oshirilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Si Szinpinning Oʻzbekiston Respublikasining oliy mukofoti bilan taqdirlanishi unga xalqaro miqyosdagi davlat va siyosat arbobi sifatida chuqur hurmat-ehtirom ifodasidir.

Xitoy Raisi “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeniga sazovor boʻlgan birinchi xorijiy davlat rahbari boʻldi.