Navoiylik yoshlar harbiy qism mehmoni

0
884

Markaziy harbiy okrugning Navoiy shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” tarmoq-jadvali asosida yoshlar ishtirokida «Harbiy qismda bir kun» shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir oʻtkazildi.

Unda Navoiy shahridagi 15 va 7-sonli oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari hamda “Bunyod” mahallasining yoshlari ishtirok etdi. Ular Navoiy shahrida yaqindagina rekonstruksiyadan chiqib, foydalanishga topshirilgan yangi va zamonaviy harbiy qism bo’ylab ekskursiya uyishtirishdi. Shuni alohida ta’kidlab o’tish lozim, noodatiy tarzda tashkil etilgan ushbu tadbir jami to’rtta yo’nalishni o’zida jamlab, o’ziga xos tajriba vazifasini ham bajardi. Unda yoshlar о‘zlari uchun qiziq bо‘lgan obyektni tanladilar.

Harbiy blok deb nomlangan birinchi yo’nalishda o’quvchi yoshlar harbiy qism maydonida tashkil etilgan qurollar ko’rgazmasini tomosha qilib, bugungi kunda milliy armiyamizda mavjud bo’lgan harbiy texnikalar va ularning jangovar kuchi va imkoniyatlari  bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so’ng harbiy qism saf maydonida o’quvchilar uchun faxriy qorovul hamda askarlarning ko’rgazmali qo’l jangi chiqishi namoyishi o’tkazildi.

Ikkinchi yo’nalish sport o’yinlari deb nomlandi. Ikki bosqichda o’tkazilgan ushbu yo’nalishda yoshlar askarlar bilan milliy va ommaviy sport o’yinlarida о‘zaro bellashdilar.

Ma’naviy intelektual hamda madaniy yo’nalishda o’tkazilgan tadbir davomida mahalla yoshlari hamda maktab o’quvchilari harbiy qism tarixi muzeyi, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ajdodlarimiz tarixiga oid tematik sinfxonalarni ko’zdan kechirdilar. Tadbir yakunida maktab o’quvchilari, uyushmagan yoshlar hamda faxriylar o’rtasida uch avlod uchrashuvi ham bo’lib o’tdi.

Bir so’z bilan aytganda o’ziga xos Navoiy tajribasi vazifasini o’tagan mazkur tadbir ko’tarinki ruhda o’tkazildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti