V Islom birdamligi oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan harbiy sportchilar

0
444

Joriy yilning avgust oyi davomida Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtgan V Islom birdamligi oʻyinlari Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun juda omadli boʻldi. Oltmishga yaqin davlat orasida yurtimizning ikkinchi oʻrinni egallashida atletlarning hissasi katta boʻldi. Eʼtiborlisi, ogʻir atletikachilarimiz barcha sport turlari orasida Oʻzbekiston delegatsiyasi jamgʻarmasiga eng koʻp – 24 ta medal taqdim etdi. Shundan 15 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza. Shu tariqa, Oʻzbekiston Islom birdamligi oʻyinlarining ogʻir atletika sport turi boʻyicha tengsiz ekanligini koʻrsatdi.

Chempionlar bilan musobaqa taassurotlari haqida oʻrtoqlashish uchun ular mashgʻulot oʻtkazayotgan Chirchiq shahrida boʻldik hamda suhbatlashdik.

Ruslan Nurudinov:

Islom birdamligi oʻyinlarida -109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nurudinov dast koʻtarishda 187 kg, siltab koʻtarishda 230 kg va ikki kurash boʻyicha 417 kg ogʻirlikni zabt etgan holda, oʻyinlar rekordini oʻrnatdi hamda 3ta oltin medalni qoʻlga kiritdi.

– Islom birdamlik oʻyinlarigacha bir qancha oʻzgarishlar boʻldi. Aslida bor-kuch gʻayratni Osiyo chempionatiga qaratgan edim, – deydi katta leytenant Ruslan Nurudinov. – Ammo maʼlum sabablarga koʻra Konya shahriga borishimga toʻgʻri keldi. Aslida mashgʻulotlarda toʻplangan shuncha kuchni qayergadir ishlatish kerakku. Toʻqqiz oy davomida koʻrilgan tayyorgarlik oʻz samarasini berdi. Besh yoshimdan ogʻir atletiko bilan hamnafasman. Sakkiz yoshimda mashgʻulotlarga muntazam ishtirok etib yurarkanman, menda bu sport turi boʻyicha aniq tushincha bor edi. Va bu holat keyinchalik maqsadimga erishish yoʻlida poydevor vazifasini oʻtadi. Sport tavakkaldan iborat: yoki yutqazasan, yoki yutasan. Men sportchi sifatida magʻlubiyatni ham, gʻalabani ham boshimdan oʻtkazdim. Shuning uchun ogʻir atletikoga endi kirib kelayotgan yoshlarga aytmoqchimanki, avvolo biror ishni boshlashdan avval uning mohiyatini tushinib olishsin. Koʻr-koʻrona ergashmasin. Oʻzligini topish uchun jonini qiynasin. Koʻproq kitob oʻqisin. Jismoniy kuchni baribir aql boshqarishi shart. Buning uchun albatta intellektual salohiyat yuqori boʻlishi kerak. Shundagina qayta oyoqqa turish oson boʻladi.

Sarvarbek Zafarjonov:

89 kg vazn toifasida ishtirok etgan qahramonimiz dast koʻtarishda 167 kg, siltab koʻtarishda 199 kg, ikki kurashda esa 366 kg tosh bilan mutlaq chempionlikni rasmiylashtirdi va uchta oltin medalni qoʻlga kiritdi.

– Bu musobaqaga tayyorgarlik jarayonlarida murabbiylarimiz bilan raqiblarimizni oʻrgandik. Muzokaralar, bahslar hamda toʻgʻri taktikamiz oʻz samarasini berdi. Natija esa kutganimizdek aʼlo darajada boʻldi, – deydi Qurolli kuchlar xizmatchisi Sarvarbek Zafarjonov. – Odatda chempionatlardagi raqiblarimizni juda chuqur oʻrganmaymiz. Chunki, yurtimizda ogʻir atletikoning oʻz maktabi bor. Bizning atletlarimizni boshqalar oʻrganishga harakat qilishsa kerak deb oʻylayman. Mana yaqindagina shaxmatchilarimizning yutuqlarini koʻrdik, ular ham yurtimizda shaxmat maktabining poydevori mustahkamligini isbotlab berishdi. Bokschilar ham jahon arenalarida yuqori oʻrinlarni band etgan holda, oʻz muhrlarini bosishdi. Xuddi shu kabi bizning yoʻnalishimizda ham oʻz muhriga ega boʻlgan atletlarimiz anchagina. Ogʻir atletiko sport turida aldov ketmaydi. Yoki ogʻirlikni koʻtarib gʻolib boʻlasan, yoki magʻlub. Buning uchun albatta hayajonni yoʻqotish kerak. Hayajonni bosolmagan atlet, ogʻirlikni koʻtarolmaydi. Shaxsan menda har qanday musobaqagacha boʻlgan davrda hayajon boʻladi. Ammo maydonga chiqqanimda hamma narsani unitaman va ogʻirlikni koʻtarish uchun diqqatimni jamlayman. Musobaqadan oldingi hayajon avvalo ota-onam, yurtim va prezidentimning oldidagi masʼulyat tufayli. Ming shukrki, Islom birdamlik oʻyinlari musobaqasida yuzimiz yorugʻ boʻlib Vatanga qaytdik.

Adhamjon Ergashev:

67 kg vazn toifasida Qurolli Kuchlar xizmatchisi Adhamjon Ergashev dast koʻtarishda 141 kg, siltab koʻtarishda 173 kg va ikki kurashda esa 314 kg ogʻirlikni zabt etgan holda ikkita oltin, siltab koʻtarish mashqida kumush medalga sazovor boʻldi.

 

– Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtgan V Islom birdamlik oʻyinlari mening sportchilik faoliyatimdagi birinchi ishtirokim boʻldi, – deydi Adxamjon Ergashev. Tayyorgarlik jarayonlari juda aʼlo darajada boʻlib oʻtdi. Mashgʻulotlarda kechgan mashaqqatlarimiz ijobiy samara berdi. Yurtimiz terma jamoasi 24 ta medalni qoʻlga kiritdi. Bu musobaqaning yana bir oʻzgacha oʻtkazilganligi shundaki, ogʻir atletiko yoʻnalishining shartiga koʻra ikki kurash natijasiga koʻra bitta medal taqdim etilishi kerak edi. Ammo Islom birdamlik oʻyinlarining ishlab chiqqan nizomiga koʻra, dast koʻtarishga alohida, siltab koʻtarishga alohida, ikki kurash natijasiga ham alohida medal joriy etildi. Bu esa bizga yanada koʻproq medallar olish imkonini yaratdi. Bu sport turiga qiziqishim 12 yoshligimdan boshlangan. Dadam ham tosh koʻtarish sporti bilan havaskorlarcha shugʻillangan. Ammo oʻsha paytdagi shart va sharoitning bugungidek boʻlmaganligi uchun havaskor sportchi sifatida qolib ketgan. Keyinchalik oʻzining erisha olmagan orzusini menda ushalishini xohlaganligi uchun meni sport maktabining ogʻir atletiko boʻlimiga olib kelgan. Oʻshanda eng birinchi koʻtargan ogʻirligim 5-8 kilogramm boʻlgan. Ularning orzusini amalga oshirayotganimdan juda baxtiyorman. Erishayotgan yutuqlarimni ota-onamning duolari ijobati deb bilaman.

– 2022-yil yakuniga qadar yana ikkita xalqaro musobaqamiz bor. Bahraynda Osiyo chempionati, Kolombiyada jahon chempionati boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Nasib etsa shu yirik musobaqada ham yuqori natijani egallashga bel bogʻlaganmiz. Albatta, buning uchun bizda yetarlicha sharoitlar yaratilgan. Murabbiy va shifokorlar nazoratida mashgʻulotlarni boshlab yuborganmiz. Bu yoʻlda ota-onamning, xalqimning va prizidentimning ishonchlarini oqlashga vaʼda beraman.

Atletlarimizning mazmunli va hayajonli suhbatlarini tinglab turib, kunning kech boʻlganini ham bilmay qolibmiz. Kelajakdagi musobaqalarda ularga omad tilab, qorongʻu tun qoʻynida manzilimiz tamon yoʻlga tushdik.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti