Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislar o‘quv yig‘ini

0
629

Oila azal-azaldan muqaddas qoʻrgʻon sanalgan. Inson oilada dunyoga keladi, ulgʻayib kamol topadi. Eng avvalo oila mustahkam, tinch boʻlsa, jamiyat barqaror boʻladi. Unib oʻsayotgan farzandlar har tomonlama barkamol boʻlishiga imkon yaratiladi.

Ta’kidlash kerakki, Janubi-gʻarbi maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qism hamda muassasalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan. Bu yil mazkur yigʻin Termiz garnizonida tashkil etildi.

Dastlab yigʻin ishtirokchilari kun tartibidagi rejaga asosan Surxon vohasida joylashgan ziyoratgohlar, tarixiy qadamjolarni ziyorat qildi va muzeylar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan soʻng Termiz umumqoʻshin dala maydonida joylashgan harbiy qismda yigʻinning asosiy qismi boshlandi. Unda JOQ boshligʻining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Alisher Shirinov hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassis Tamara Mamanova yigʻin ishtirokchilariga kun tartibi, kutilayotgan natijalar haqida, oilaning jamiyat hayotidagi oʻrni hamda onaning tarbiyachilik maqomi, bugungi tadbirning ahamiyati haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish oʻquv kursi direktori Rayhon Rahimova hamda Termiz davlat universiteti psixologi Mehriniso Yoʻlliyeva tomonidan psixologik treninglar, oilada er-xotinning oʻrni mavzusida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Oʻquv seminar yakunida yigʻin ishtirokchilariga qo‘mondonlik tomonidan esdalik sovgʻalar ulashildi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni