Abdulla Qahhor tavalludining 115 yilligi munosabati bilan ma’naviy kecha tashkil qilindi

0
687

“Sinchalak”, “Anor”, “O‘g‘ri”, “O‘tmishdan ertaklar”… Ushbu hikoyalar nafaqat dunyo adabiyotida mashhur va sevib o‘qiladigan asarlar, balki uning ijodkori hisoblanmish O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor qalamining o‘ziga xosligini namoyon etgan adabiy meros ham sanaladi. Ayni kunlarda o‘tkir yozuvchi tavalludining 115 yilligi yurtimiz hududlari bo‘ylab keng nishonlanmoqda. 

Shu munosabat bilan Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligida ham ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Yozuvchilar uyushmasi vakillari hamda O‘zbekiston davlat drama teatrining taniqli san’atkorlari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Abdulla Qahhorning o‘zbek adabiyotidagi muhim o‘rni, avlodlarga qoldirgan o‘lmas merosi haqida to‘xtalar ekan, uning o‘zbek adabiyotiga hikoya janrining mislsiz ustasi sifatida kirib kelgani, yozuvchi hattoki o‘zbeklarning “Chexovi” darajasida ulug‘langani, shu bilan birga asarlarida o‘zbek tilining boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalangan ijodkor bo‘lgani haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston davlat drama teatrining taniqli san’atkorlari ijrosida ijodkor qalamiga mansub “Ayajonlarim” nomli spektakl namoyish etildi.

Ma’naviy kecha yakunida ijodkorlarga Mudofa vazirligi tashakkurnomalari topshirildi.

Yulduz O‘RMONOVA,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti