Imkoniyati cheklangan yoshlarni quvontirgan uchrashuv

0
656

Toshkent shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 77-sonli “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatida hamda Olmazor tumanidagi 106-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatida mehr-muruvvat tadbiri oʻtkazildi.

Koʻrish va eshitishda nuqsoni boʻlgan bolalarni murgʻakkina qalbini togʻdek koʻtarish, kelajakka va oʻziga boʻlgan ishonchini shakillantirish maqsadida oʻtkazilgan ushbu tadbirda faqat tillar emas, dillar ham soʻzlashdi.

Imkoniyati cheklangan bolalarning ham sogʻlom bolalar singari qalbi, mehrga boʻlgan ehtiyoji, yashash va hayotga boʻlgan muhabbati ulkan. Shu bois ham maxsus maktabda tarbiyalanuvchi yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqildi va muammoli masallar haqida fikr-mulohazalar qilindi.

Mazkur maxsus maktablarning hozigi kundagi ehtiyojidan kelib chiqib koʻzi ojizlar uchun zarur boʻlgan maxsus “BRAYL” shriftidagi daftarlar, maishiy texnikalar, choyshablar hamda xoʻjalikda ishlatiladigan uskunalar maktab maʼmuriyatiga topshirildi.

Tadbir soʻngida Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov soʻzga chiqib, ushbu maktablar bilan doimo hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi. Mazkur uchrashuvlarning naqadar samimiy va doʻstona kechgani soʻzga chiqqan tarbiyalanuvchilarning kayfiyatidan bilish mumkin. Harbiylar bilan uchrashuvdan zavqlangan yoshlarning quvonchi cheksiz boʻldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti