Ona tilim, sarchashmangdan sarxush dilim!

0
963

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘lishi munosabati bilan respublika miqyosida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri kecha, 20-oktyabr kuni Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham yuqori saviyada o‘tkazildi.

Unda bilim yurti professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar o‘tgan davr mobaynida o‘zbek tili davlat tili sifatida ezgu maqsadlar sari odamlarni birlashtiradigan, xalqimizning katta-katta orzu-niyatlarini amalga oshirishga da’vat etadigan muhim kuchga aylanganini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk ne’matdir.

Shundan so‘ng bilim yurti kursantlar hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirokida “Ona tilim, sarchashmangdan sarxush dilim!” mavzusida bir qancha sahna ko‘rinishlari mohirona namoyish qilindi. Jumladan, o‘z davrida asarlari va qo‘lyozmalari bilan o‘zbek tili taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy, Uvaysiy, Nodirabegim kabi buyuk shoiru allamalar siymosidagi chiqishlar tahsinga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi Abdulla Qodiriy trilogiyasi asosida sahnalashtirilgan ixcham syujet g‘oyat ta’sirli chiqdi.

Shuningdek, tadbirni tantanali o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov boshchiligida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari hamda taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi ham bo‘lib o‘tdi. Unda yangragan kuy-qo‘shiqlar, raqqosalar ijrosidagi bir-biridan ajoyib raqslar tadbirga yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Leytenant Muhammadjon XO‘JAYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti