Nukusdagi Harbiy-texnik mutaxassisliklarni tayyorlash markazida Oʻzbek tili bayrami nishonlandi

0
543

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazida Nukus shahridagi maktablarning 250 nafardan ziyod oʻquvchilari mehmon boʻlishdi.

Nukus shahar hokimligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Faxriylar ishlari boʻyicha markaziy kengashning Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining hududiy boʻlinmasi vakillari ishtirokida “Armiya xalq bilan yakdil” shiori ostida Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan uchrashuv davomida markaz oʻquvchilari tomonidan yoshlarga milliy kuy va qoʻshiqlar, jozibador raqs va oʻyinlar, sheʼriy mushoiralar namoyish etildi. Oʻzbek tili tarixi haqida maʼlumotlar berildi.

Mehmonlar uchun markazda harbiy va maxsus texnikalar, ularga qoʻllaniladigan yoqilgʻi-moylash ashyolari, mavjud oʻquv-moddiy baza, oʻq otish sportida qoʻllaniladigan pnevmatik qurollar, avtomobillarning tuzilishi hamda mexanizmlarning ishlash tamoyillari boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etilib, markaz kursantlari va tajribali oʻqituvchilar tomonidan maʼlumotlar yetkazildi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning 2018-yil 12-dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining ayrim taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda operativ boshqarish huquqi asosida Mudofaa vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan edi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazi oʻz faoliyatini 2019-yildan boshlab Qurolli Kuchlar safiga “V” va “S” toifasidagi yengil va ogʻir avtomobillarni boshqaradigan haydovchilar, “Dizelchi-elektrik” va “Oshpazlar”ni yetkazib bermoqda.

Shuningdek, tadbir davomida soʻzga chiqqanlar har yili markaz 110 nafar qoraqalpogʻistonlik yoshlarga taʼlim-tarbiya berib, kasbga oʻqitishini hamda armiya saflariga ketishi uchun tayyorlab berishini eʼtirof etdi. Oʻqish muddati uch oy boʻlib, unda aniq, gumanitar-ijtimoiy, texnik hamda boshqa fanlar bilan bir qatorda dastlabki harbiy tayyorgarlik boʻyicha taʼlim berilishi taʼkidlandi.

Uchrashuvdan taʼsirlangan yoshlar bu dargohda taʼlim olib, yurtimizni himoya qilish uchun armiya saflaridan joy olishga katta qiziqish bildirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati