Yangi oʻquv yili katta marralar bilan boshlandi

0
1064

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot kommunikatsiya-texnologiyalari va aloqa harbiy institutida yangi oʻquv yili boshlanishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Ofitserlar, serjantlar, kursantlaru oddiy askarlarni bir safda jamlagan mazkur tantanali tadbirda dastlab Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi marsh sadolari ostida maydondan olib oʻtildi. Shundan soʻng davlatimiz madhiyasi yangrab, milliy iftixorimiz – yurtimiz bayrogʻi va Mudofaa vazirligining ramziy bayrogʻi samo uzra koʻtarildi.

Tadbirda soʻz olganlar soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimiga qaratilayotgan eʼtibor, harbiy xizmatchilarning bilim va malakasini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar, ushbu institutda taʼlim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil toʻxtaldi. Shu kuni mustaqilligimizning 31 yilligi va yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan bir guruh ofitserlarga Mudofaa vazirligining koʻkrak nishonlari hamda navbatdagi harbiy unvonlar tantanali topshirildi. Faollar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli ijrosidagi ona Vatan va mardlikni tarannum etuvchi, milliy armiyamiz kuch-qudratini ulugʻlovchi qoʻshiqlar bayramga oʻziga xos fayz bagʻishladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti