Sirdaryoda mustaqillik bayrami munosabati bilan SCHR binosi foydalanishga topshirildi

0
905

Bugungi kecha-kunduzda davlatimiz mustaqilligining 31 yillik shodiyonalari bilan aloqador boʻlmagan biror soha borligini tasavvur qilish qiyin. Shuning uchun har yili hamyurtlarimiz bayramni oʻzgacha umid, oʻzgacha shukuh va koʻtarinki kayfiyatda qarshi olishadi.

Buning oʻziga xos sabablari bor. Mustaqillik bayrami arafasida kimlardir yangi uylarga koʻchib oʻtadi, yana kimlardir davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng muhimi – shaharlar, tumanlar, mahallalarimizda bir-biridan koʻrkam binolar qad rostlaydi va yurtimizda tanib boʻlmas darajadagi bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi.

Barcha sohada boʻlgani kabi Mudofaa vazirligi tizimida ham bunday bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish anʼanaga aylanib bormoqda. Bugun ana shunday ezgu ishlarning samarasiga Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida ham guvoh boʻldik. Tumanda joylashgan safarbarlik chaqiruv rezervi batalyoni binosi butunlay taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.

Shu mnuosabat bilan Sirdaryo tumanida mustaqilligimizning 31 yilligi hamda safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati batalyoni binosining ochilish marosimi munosabati bilan bayram tantanasi tashkillashtirildi. Bayram tadbirida Toshkent harbiy okurgi qoʻmondoni polkovnik Zokirjon Sayfuddinov, Sirdaryo tumani hokimi Botir Mirzoqulov, Qurolli Kuchlar faxriylari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Batalyonning markaziy binosiga kirish eshigi oldida moviy lentalar kesilib, mehmonlar okrug qoʻmondoni hamrohligida bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbir yakunida mehmonlar uchun bayram dasturxonida yozildi va Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamayenti