Mustaqilligimizning 31 yillik bayramiga munosib tuhfa

0
1204

Toshkent shahrida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismlarning birida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. 

Tadbir davomida Toifalangan obʻektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Jurʻat Yakubov soʻzga chiqib, mudofaa vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Bayram munosabati bilan mudofaa vaziri hamda qoʻshinlar qoʻmondonining tegishli buyrugʻiga asosan, jangovar va maʻnaviy-maʻrifiy tadbirlarda faol boʻlgan namunali harbiy xizmatchilar qimmatbaho va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar. Bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berilgani esa ular uchun unutilmas kun boʻlib qoldi.

Shuningdek, mudofaa vazirining tegishli buyrugʻiga asosan hamkorlikdagi davlat va jamoat tashkiloti vakillari mustaqillikning 31 yilligi munosabati bilan “Namunali xizmatlari uchun” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.

Hamkor tashkilotlar va respublikamizdagi iqtisodiy muhim obyektlar rahbarlari — “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruv raislariga ushbu koʻkrak nishonlar va esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti