Bayram tuhfasi: joylarda harbiy xizmatchilarga yangi qurilgan xonadonlarning kalitlari topshirildi

0
1344

Mustaqilligimizning 31 yillik shukuhi kezib yurgan fayzli kunlarda bir guruh harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun qoʻshaloq bayram boʻloqda. Gap shundaki, joylarda harbiy xizmatchilarga yangi qurilgan turar joy binolaridan ajratilgan xonadonlarning kalitlari tantanali ravishda topshirilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan harbiy shaharcha hududida boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi markaziy apparati va Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonligi ofitserlari, mahalla oqsoqollari hamda quruvchilar ishtirok etdi. Soʻzga chiqqan mehmonlar uy egalarini qoʻshalok bayram bilan tabriklab, hamisha yaxshi kunlarni shu xonadonlarda oʻtkazishlarini tilashdi.

– Harbiy xizmatchi sifatida oʻz faoliyatimni boshlaganimga 15 yil boʻldi. Oʻtgan vaqt mobaynida turli harbiy okrug hududlarida xizmat qildim. Aksariyat hollarda oilamdan yiroqda boʻlganman, – deydi kichik serjant Ravshanjon Saidov. – Bugun safdoshlarim qatori menga ham berilgan xizmat uyi juda qadrli. Ayniqsa, men xizmat qilayotgan harbiy qism yonida joylashgan xonadonda oilamning birga ekanligi xotirjamlik beradi. Ikki farzandim va turmush oʻrtogʻim koʻzlaridagi quvonchni koʻrib, Vatanim osoyishtaligi yoʻlidagi xizmatimdan faxr tuygʻusini yana bir karra his qildim. Buning uchun biz yurt himoyachilariga qaratilayotgan yuksak eʼtibor uchun Prezidentimizga oilamiz nomidan samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.

Xuddi shunday tantanali tadbirlar bayram arafasida Namangan va Fargʻona shaharlarida ham boʻlib oʻtdi. Bu joylarda harbiy xizmatchilar uchun ipoteka krediti asosida qurilgan 60 xonadonli zamonaviy uylarning kalitlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur uylarni topshirish tadbirida, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Lutfullo Buzrukov, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimligi va jamoatchilik vakillari, nuroniylar, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilarning ota onalari va ularning oila aʼzolari ishtirok etishdi.

Soʻzga chiqqan mehmonlar, mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami munosobati bilan yangi xizmat uylariga ega boʻlgan yurt posbonlarini muborakbod etib, xonadon kalitlarini tantanali ravishda topshirishdi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan harbiy qismda xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar hamda ularning oila aʼzolariga ham har biri 16 xonadondan iborat 2 ta turar joy binolari foydalanishga topshirildi.

Turur joy binolari xonadonlarining kalitlarini tantanali topshirish marosimida Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev, viloyat hokimligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faxriylar, shuningdek, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti