Tarixiy voqelikka aylangan kun

0
2523

Mustaqillik – oliy qadriyat, ota-bobolarimizning ezgu intilishi roʻyobi. Shuning uchun ham yillar, asrlar oʻtgan sari uning qadr-qimmati ortib boraveradi. Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga 31 yil toʻldi. Tarixiy sana munosabati bilan Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bayram tadbiri oʻtkazildi. Tantanada mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, vazir oʻrinbosarlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari,  elimiz suygan sanʼatkorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Koʻtarinki kayfiyatda boshlangan tadbirda soʻz olgan mudofaa vaziri yigʻilganlarni eng ulugʻ, eng aziz ayyom bilan qutlar ekan,  mustaqillik koʻhna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va anʼanalarimizni qayta tiklagani bilan yanada qadrli ekanligini, oʻtgan davr mobaynida mehnatkash xalqimiz oʻzining mustahkam irodasi, matonati namoyon etib, ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtganini, oʻzligimizni anglaganimizni, Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida bor boʻy-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilayotganini misollar orqali eʼtirof etdi. Shu kungacha barcha sohalarda, jumladan, Qurolli Kuchlar tizimida  amalga oshirilgan islohotlarga toʻxtaldi. Oʻtgan davr mobaynida murakkab va sharafli yoʻlni bosib oʻtgan Qurolli Kuchlar bugun mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch hayoti va farovonligini taʼminlash, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishning ishonchli kafolati boʻlib xizmat qilayotganini, yildan-yilga uning jangovar qobiliyati ortib, mudofaa qudratimiz mustahkamlanayotganini, Qurolli Kuchlar saflaridagi mard va jasur harbiy xizmatchilarning xalqaro musobaqalardagi, armiya oʻyinlaridagi muvaffaqiyatli ishtirokini yuksak gʻurur bilan tilga oldi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni taʼminlash borasida alohida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar va Qurolli Kuchlar xizmatchilariga Vatanimizning yuksak mukofotlari  tantanali ravishda topshirildi. Yana bir guruh harbiy xizmatchilar navbatdagi hamda egallab turgan lavozimidan  bir pogʻona yuqori harbiy unvonlar, I, II, III darajali “Namunali xizmati uchun”, “Jangovar faoliyati uchun” va “Maxsus operatsiyalar kuchlari”  koʻkrak nishonlari, mudofaa vazirining esdalik nishoni va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Bayramda xizmat burchini bajarish chogʻida jarohat olgan, halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ularga pul mukofotlari va mudofaa vazirining esdalik nishoni berildi.  Shu kuni Qurolli Kuchlar faxriylariga va Mudofaa vazirligi bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan sanʼatkorlarga ham shunday ehtirom koʻrsatildi.

Taqdirlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar Vatan oldidagi kamtarona xizmatlari yuqori baholanib, shunday eʼtirofga munosib koʻrilgani uchun Davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorchilik bildirdilar.

Tabrik uchun soʻzga chiqqanlar taqdirlanganlarni yuksak mukofot bilan samimiy muborakbod etdi.

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi diltortar kuy va qoʻshiqlar tantanaga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti