Harbiy sportchilar uchta chempionatda bellashdi

0
1107

Mudofaa vazirligi qoʻshinlari miqyosida Vatanimiz mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan “Armiya biatloni”, “Qoʻl jangi” va “10 km masofaga yarim marafon yugurish” chempionatlari oʻtkazildi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar ruhini oshirish, chidamlilik, epchillik sifatlarini yanada rivojlantirish, qoʻshin turlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan ushbu chempionatlar “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan “Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazildi. Unda Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalari, 8 ta harbiy okrug va birlashma, markazga boʻysunuvchi harbiy qism va muassasalar harbiy xizmatchilari oʻzaro kuch sinashdi.

– Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqoʻshin dala-oʻquv maydonida oʻtkazilgan “Armiya biatloni” chempionatida 18 ta jamoa bellashdi, – deydi podpolkovnik Davlat Vahobov. – Uch nafar harbiy xizmatchidan iborat jamoalar 3 kilometrlik masofaga yugurish davomida toʻsiqlarni yengib oʻtish, yotgan holda oʻq otish, pichoq uloqtirish, 6 metrli arqonga chiqib, yuqori qismidagi karabinga qoʻlini tekkizib tushish, granata uloqtirish mashqlarini bajardi. Bu jarayonda oʻtgan yilgiga qaraganda, yangi rekord natijalar qayd etildi. Mazkur bellashuv yurt posbonlarining barcha jismoniy sifatlarini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan boʻlib, chaqqonlik, chidamlilik, epchillik, qatʼiyatlilik hamda merganlik qobiliyatlarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. “Armiya biatloni” chempionati harbiy qism va muassasalarda bosqichma-bosqich oʻtkazilib, Vatan himoyachilarining jangovar tayyorgarligini oshirishda eng muhim sport turlaridan biri hisoblanadi.

Qizgʻin va murosasiz kechgan musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug jamoasi faxrli 1-oʻrinni egalladi. Janubiy operativ qoʻmondonlik hamda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi vakillari ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Yakkalik bahslarda esa kichik serjant Bekzod Toshpoʻlatov (JGʻMHO) 1-oʻringa sazovor boʻldi. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Ulugʻbek Shermurodov (JOQ) ikkinchi, kichik serjant Ilyos Elmurodov (TOQQQ) uchinchi oʻrinni band etdi.

Shiddatli bahslarga boy tarzda oʻtgan “Qoʻl jangi” chempionati amalda qoʻllanilayotgan qoidalarga asosan olimpiya tizimida oʻtkazildi. 57, 62, 67, 73, 80, 88, 97 kilogrammgacha hamda 97 kg.dan ortiq vazn toifasida gilamga tushgan polvonlarning har biri raqibi bilan 5 daqiqa jang olib bordi. Chempionatning yakuniy natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida faxrli 1-oʻrinni Toshkent harbiy okrugi jamoasi egalladi. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug vakillariga ikkinchi va Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug jamoasiga uchinchi oʻrin nasib etdi.

“10 km masofaga yarim marafon yugurish” chempionatining start nuqtasi Qurolli Kuchlar akademiyasining oʻquv jarayonini taʼminlash bazasidan boshlanib, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtigacha boʻlgan manzilda yakunlandi. Bellashuv nizomiga koʻra, ushbu marafonda har bir jamoadan 5 nafar harbiy xizmatchi qatnashib, shundan bir nafarini ayollar tashkil etdi. Musobaqaga uyushmagan yoshlar, faxriylar ham jalb etilgani sogʻlom turmush tarzini aholi oʻrtasida keng targʻib etishga xizmat qildi.

Finish joyigacha yugurish yoʻnalishida ishtirokchilarning xavfsizligini taʼminlash uchun Chirchiq harbiy avtomobil nazorati va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari belgilandi. Yugurish masofasi boʻylab burilish ishorasini koʻrsatuvchi yoʻl belgilari, suv, tibbiy yordam koʻrsatish punktlari shay holatga keltirildi.

Erkaklar oʻrtasida JGʻMHO sport vzvodi katta yoʻriqchisi kichik serjant Shohrux Davlatov 1-boʻlib finish marrasini bosib oʻtdi. Kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Mayramxon Tojiboyeva (MV markaziy aloqa taʼminoti boʻlimi) yarim marafonning ayollar oʻrtasidagi mutlaq gʻolibi boʻldi.

Chempionatlar soʻngida umumjamoa hisobida faxrli oʻrinni egallagan jamoalar hamda harbiy xizmatchilar kubok, medal, diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti