Jasorat unutilmaydi

0
690

Xabaringiz bor, Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib kelmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismda “Qahramonlar nomi barhayot” mavzusida xizmat burchini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok boʻlgan katta leytenant Shermuhammad Ashurov xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil etildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, katta leytenant Shermuhammad Ashurov 1975-yil 23-yanvarda Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, Xalqobod qoʻrgʻonida tugʻilgan. 1999-yilda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini bitirgan va Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida ofitser sifatida xizmatni boshlagan. Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida Vatanimiz sarhadlariga tahdid solgan terrorchi toʻdalarga qarshi kurashda mardlik koʻrsatib, 2000-yil avgustda mardlarcha halok boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi Farmoniga muvofiq katta leytenant Shermuhammad Ashurov vafotidan soʻng II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan.

Kechada marhum harbiy uchuvchining oila aʼzolari, ustozlari, sinfdosh doʻstlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari ishtirok etdi.

Samimiy suhbat davomida harbiy uchuvchining yaqinlari qahramon xotiralari bilan oʻrtoqlashib, uning bolaligi, maktab chogʻidagi oʻquvchilik davrlarini  yodga oldilar.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti