“Nukus” umumqoʻshin poligonida yangi obyekt foydalanishga topshirildi

0
692

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi bayramiga tuhfa sifatida “Nukus” umumqoʻshin poligonida artilleriya olovini boshqarishga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida artilleriya qoʻmondonlik punkti majmuasi foydalanishga topshirildi.

Yangi obyektning ochilish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Nukus harbiy prokuratura organi rahbariyati, artilleriya mutaxassislari ishtirok etdi. Soʻzga chiqqanlar, soʻnggi besh yillik davrda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini jadal rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning kasbiy malaka va soha boʻyicha mahoratini yanada oshirish maqsadida qoʻshinlarda oʻquv-moddiy bazani takomillashtirish, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlash, mashgʻulotlarga axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy etishda katta yutuqlarga erishilayotganini taʼkidladi.

Zamonaviy oʻquv joylari va trenajyorlari, jangovar tayyorgarlik obyektlarida soha sirlarini puxta oʻzlashtirayotgan yurtimiz himoyachilari mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirishga hissa qoʻshish bilan birga xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham yetakchi xorijiy armiyalar bilan tengma-teng bahslashayotgani eʼtiroflandi.

Yangi barpo etilgan majmua maydon kuzatuvi va boʻlinmalarning harakatini boshqarishga qulay boʻlishi uchun oldindan mavjud boʻlgan 65 metrlik tepalik ustida qurildi. Artilleriya va umumqoʻshin boʻlinmalari jangini hamda artilleriya olovini boshqarish, artilleriya olovi yoʻnaltiruvchilari hamda uchuvchisiz uchish apparatlari instruktorlari ish faoliyatini tashkil etish uchun moʻljallangan majmua tarkibidan ikki qavatli artilleriya qoʻmondonlik punkti va yertoʻladagi artilleriya kuzatuv punkti obyektlari joy olgan. Kuzatish moslamalarisiz 8-10 kilometr ochiq maydonni bemalol kuzatishga qulaylik yaratgan ushbu majmua iqlim injiqliklaridan harbiy xizmatchilarni asrab, artilleriyachilarning jangni yashirin tarzda boshqarish uchun keng qulayliklar yaratadi.

Divizion va batareya kuzatuv punkti shartli dushman joylashgan joyni hamda ajratilgan hududni razvedka qilish, boʻlinmalar oʻtli zarbasi va manyovrini boshqarish, umumqoʻshin boʻlinmalar harakatini kuzatish va boshqa boʻlinmalar bilan hamkorlikni ushlab turish kabi vazifalar uchun moʻljallangan. Unda artilleriya divizioni va batareya qoʻmondonligi joylashib, jangni tashkil etish va olib borishni amalga oshiradi.

Ikki qavatdan iborat boʻlgan artilleriya qoʻmondonlik punktining yuqori qismida maydon kuzatuvini amalga oshirish uchun yopiq joy va artilleriya boʻlinmalari bilan olovni boshqarish boʻyicha mashgʻulotlarni tashkil etish, oʻquv-jangovar harakatlarni rejalashtirish va nazorat qilish uchun mashgʻulot xonasi mavjud. Bino oldida yaratilgan hududning kichraytirilgan maketi artilleriya qurilmalaridan oʻt ochishni rejalashtirish va olovni boshqarishga qoʻshimcha ravishda yordam beradi.

Tadbir davomida mazkur majmuaning yaratilishida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

Ishtirokchilar tomonidan mazkur oʻquv obyektida kelgusida katta mashgʻulotlar, xalqaro darajadagi oʻquvlar oʻtkazilishiga ishonch bildirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati