“Forish” poligonida “ArMI—2022” musobaqalarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi

0
2003

Bugun, 27-avgust kuni kuni Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida “ArMI—2022” VIII Xalqaro armiya oʻyinlari doirasidagi mamlakatimiz mezbonlik qilgan “Xavfsiz muhit”, “Qurolsoz usta” va “Dala oshxonasi” musobaqalarining tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Unda Mudofaa vazirligi masʻul mutasaddilari, harbiy okrug boshqaruv apparati ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy orkestrining jangovar musiqa sadolari ostida faxriy qorovul, musobaqa hakamlari hamda ishtirokchilar maydonda saf tortishdi. Musobaqalar gʻolib va sovrindorlari eʻlon qilinib, ularni taqdirlash marosimi boshlandi.

Birinchi navbatda “Dala oshxonasi” tanlovida ham qator nominasiyalar boʻyicha gʻoliblar eʻlon qilindi. Mazkur musobaqaning barcha shartlarida toʻplangan umumiy ballar boʻyicha O‘zbekiston jamoasi g‘olib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Rossiya egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Belarus jamoasiga nasib etdi. “Dala oshxonasi” tanlovining mutlaq gʻolibi — harbiy oshpazlarimiz shohsupaning oliy oʻrniga koʻtarilib, ikkinchi bor Xalqaro armiya o‘yinlari kubogini qabul qilib oldi.

Shundan so‘ng, Samarqand viloyatidagi “Sazagan” poligonida “Xavfsiz muhit” musobaqasida dunyoning turli davlatlaridan kelgan ishtirokchilar bilan bellashib, birinchilikni qo‘lga kirigan O‘zbekiston jamoasi hamda boshqa sovrindorlar taqdirlandi.

Taqdirlash marosimi yakunida “Qurolsoz usta” bahslarida munosib kurash olib borib, gʻoliblikka erishgan va jamoasiga yuqori ballarni taqdim qilgan mutaxassislar e’tirof etildi. Musobaqaning barcha shartlari boʻyicha toʻplangan umumiy natijalarga ko‘ra, yuqori natijalarni qayd etilgan davlatlar shohsupaga ko‘tarildi va ular tantanali ravishda taqirlandi. Ta’kidlash kerakki, mazkur musobaqada O‘zbekiston jamoasi birinchilikni, Rossiya jamoasi esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Marosimda soʻzga chiqqan xorijlik mehmonlar, gʻolib va sovrindorlarni qutladi hamda mehmondoʻst oʻzbek xalqiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Musobaqalar tashkilotchilari, murabbiylarning mashaqqatli mehnati, ishtirokchilarning fidoyiligi hamda ularning oʻz mamlakatlari Qurolli Kuchlari sha’nini munosib himoya qilgani, shuningdek, musobaqalar jarayonini tezkor va xolis yoritib borgan ommaviy axborot vositalari xodimlari mehnati e’tirof etildi.

Hakamlar va ishtirokchi jamoalarning tantanali saf yurishidan soʻng marosimning badiiy qismi boshlandi. Unda harbiy va mahalliy sanʻatkorlar ijrosida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti