Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida “Eng yaxshi yosh kitobxon”lar aniqlandi

0
1259

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari “Kitob – beminnat ustoz, bilim va maʼnaviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”, deya taʼkidlagan boʻlsa, sohibqiron bobomiz Amir Temur “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir”, deya uqtirgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish maqsadida yoshlar oʻrtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3721-son qarori hamda Mudofaa vazirining 2019-yil 22-apreldagi 386-son buyrugʻiga asosan vazirlik qoʻshinlari harbiy xizmatchilari orasida tashkil etilgan “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovining soʻnggi bosqichi oʻtkazildi.

Mazkur tanlov yosh harbiy xizmatchilar oʻrtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosini oʻrganish, kitob mutolaasiga qiziqtirish hamda ularning maʼnaviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.

Ushbu tanlov Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan “Men oʻqigan oʻttizta kitob” shiori ostida oʻtkazildi.

Tanlovning birinchi bosqichida 1000 dan ortiq yosh kitobxon — harbiy xizmatchilar, ikkinchi bosqichida 130 nafar harbiy xizmatchilar hamda tanlovning yakuniy bosqichida har bir harbiy okrug miqyosida gʻolib boʻlgan 8 nafar harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.

Tanlovda gʻoliblarni aniqlash uchun Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi mutaxassislari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bilan ishlash boʻlimi xodimlari, Mudofaa vazirligi “Shon-sharaf” davlat muzeyi mutasaddilari ishtirokida hakamlar hayʼati baholab bordi.

Uchta shartdan iborat mazkur tanlov oʻzbek adabiyoti, jahon adabiyoti va sheʼriyat shartlari (erkin mavzu oʻzbek yoki jahon adabiyoti namoyandalarining asarlaridan biridan monolog yoki sheʼriy misrani ifodali tarzda yoddan aytib berish) boʻyicha boʻlib oʻtdi.

Tanlov natijalariga koʻra:

  • Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism kichik serjanti Gʻolibjon Azimjonov birinchi oʻrinni egalladi;
  • Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugdan kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi oddiy askar Doʻsbek Toʻraboyev hamda Sharqiy harbiy okrugiga qarashli harbiy qism kichik serjanti Shukrulla Yunusov ikkinchi oʻringa loyiq topildi;
  • Markaziy harbiy okrugga qarashli harbiy qism kichik serjanti Umidjon Abdumajitov uchinchi oʻrinni egalladi.

Barcha gʻoliblarga kitoblar jamlanmasi va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti