Rekord oʻrnatish boʻyicha rekordli gʻalaba!

0
6421

Shu kunlarda Xalqaro armiya oʻyinlarining aksariyat musobaqalari yakunlanib, turli mamlakatlarga ketgan harbiy xizmatchilarimiz gʻalabalar bilan yurtga qaytmoqda. Markaziy harbiy okrug “Forish” poligonida boʻlib oʻtayotgan “Qurolsoz usta” musobaqasining ham soʻnggi bosqichi boʻlib oʻtdi.

“Taʼmirlash vzvodining majmuaviy estafeta”sida bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi jamoalari bellashdilar.

Shartga koʻra, dastlab 15 nafardan iborat harbiy xizmatchilar estafeta koʻrinishida navbati bilan taʼmirlash poligonidagi 5,45 millimetrli AKS-74 avtomatini, granatamyot, “Beretta” pistoleti, D-30 gaubitsasi, zenit qurilmasi va reaktiv artilleriya qurilmasini toʻliq qismlarga ajratish va yigʻish, ushbu qurollardagi nosozliklarni aniqlab bartaraf qilish, shuningdek, oʻqotar qurollardan uzoqligi 600 metr masofadan iborat otish marrasiga yugurib borib, maydonda paydo boʻluvchi sunʼiy nishonlarni yakson qilish va artilleriya qurilmalaridan paxtavon oʻq-dorilar otish bilan shartlarni bajarishdi.

Oʻtkazilgan musobaqa natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 54 daqiqa 24 soniya natija bilan birinchi, Rossiya Federatsiyasi terma jamoasi 1 soat 11 daqiqa 24 soniya natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Musobaqa maydoni rosmana tantana tusiga kirdi. Shu bilan istiqlolimizning tantanalari arafasida yurtdoshlarimizga yana bir oltin medal tuhfa etildi. Uzoq-yaqindan kelgan harbiy xizmatchilarning yaqinlari quvonchdan toʻlqinlanib, gʻoliblarni qutladilar.  

Shuni alohida taʼkidlash joizki, “Qurolsoz usta”  terma jamoasi  ushbu musobaqaning barcha bosqichlarida birinchilikni qoʻlga kiritib, oltita rekord oʻrnatib, nominatsiyalarning hammasida gʻoliblikni oʻzida saqlab qolishga muvaffaq boʻldi.

Gʻalaba muborak boʻlsin!

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti