“ArMI—2022”: “Xavfsiz muhit”da gʻalaba. Oʻzbekiston jamoasi yana bir oltin medalni qoʻlga kiritdi

0
1422

Bugun, 25-avgust kuni Markaziy harbiy okrugning “Sazagan” dala-oʻquv maydonida oʻtkazilayotgan “ArMI—2022” Xalqaro armiya oʻyinlari doirasidagi “Xavfsiz muhit” musobaqasining soʻngi — “Estafeta” bahslari oʻz yakuniga etdi.

Ushbu bosqichning shartlariga koʻra, har bir jamoadan ikkitadan ekipaj qatnashib, dastlab birinchi ekipaj aylanasi 4 kilometr 700 metr uzunlikda tiklangan turli toʻsiqlardan iborat yoʻlak boʻylab harakatlanishlari talab etildi.

Radiatsion kimyoviy-biologik muhofazasi boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlgan harbiy xizmatchilar himoya kiyimi va gazniqobda dastavval zirhli texnikalarda bosib oʻtish uchun moʻljallangan turli suvli toʻsiqlar, tik burilishlar, chuqurlik, balandliklarda manyovrchanlik bilan harakatlanib haydovchilik mahoratlarini namoyish etishdi. Shuningdek “Poyga yoʻlagida” ishtirokchilar qisqa muddatda zararlangan hududdagi zaharli moddaning turini aniqlashlari lozim.

Texnikalarda amallar benuqson bajarilgach, ishtirokchilar “Olovli ishgʻol” yoʻlagida harakatlarini piyoda davom ettirdilar. Ushbu maydon tom maʻnoda jismoniy chidamlilik va matonatni sinovdan oʻtkazadi. Jang maydoniga yaqin muhit yaratilgan hudud boʻylab bir-biridan murakkab toʻsiqlarni bosib oʻtgan ishtirokchilar finish chizigʻida oʻzlarining keyingi ekipajdagi jamoadoshlariga qurollaridagi oʻqdonni uzatadilar. Oʻqdonni quroliga joylagan navbatdagi ekipajlar zudlik bilan bahsga kirishib, ular ham xuddi shu amallarni takror bajargan holda finish chizigʻini bosib oʻtdilar.

Barcha toʻsiqlarda benuqson harakatlangan jamoamiz vakillari marra chizigʻini 29 daqiqa 59 soniyada kesib oʻtgan holda raqiblarini ushbu bosqichda ham yirik hisobda ortda qoldirib, mutlaq gʻalabaga loyiq ekanliklarini isbotlashdi.

Musobaqaning umumiy natijalariga koʻra, ikkinchi oʻrinni Rossiya va Belarus jamoalari, uchinchi oʻrinni Xitoy va Vyetnam jamoalari, Eron jamoasi esa toʻrtinchi oʻrinni band etdi.

Harbiy xizmatchilarimizni yana bir yorqin gʻalaba bilan muborakbod etamiz.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti