“ArMI—2022”: “Tank biatloni” jamoamiz finalda!

0
1822

Kecha Moskva viloyatining “Alabino” poligonida “Tank biatloni” musobaqasining yarim final birinchi guruh bellashuvlari boʻlib oʻtgani haqida xabar bergan edik. Unda vakillarimiz Rossiya, Belarus, Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston jamoalari bilan bir guruhdan joy olib, final yoʻllanmasi uchun kurashgandi.

Yurtdoshlarimiz oʻrin olgan guruhda natijalar quyidagicha koʻrinish hosil qildi:

  • Rossiya – 1 soat 29 daqiqayu 59 soniya;
  • Belarus – 1 soat 39 daqiqayu 29 soniyada;
  • Oʻzbekiston – 1 soat 53 daqiqayu 39 soniya;
  • Moʻgʻuliston – 2 soat 4 daqiqayu 39 soniya.

Bugun yarim finalning ikkinchi guruh bahslari boʻlib oʻtdi. Unda Xitoy, Ozorbayjon, Vyetnam va Qozogʻiston vakillari oʻzaro bellashdi. Natijalar esa quyidagicha:

  • Xitoy – 1 soat 51 daqiqayu 57 soniya;
  • Ozorbayjon – 1 soat 57 daqiqayu 39 soniyada;
  • Vyetnam – 2 soat 10 daqiqayu 1 soniya;
  • Qozogʻiston – 1 soat 54 daqiqayu 53 soniya.

Musobaqa nizomiga koʻra, yarim finalda har ikkala guruh ichidan eng yaxshi natija koʻrsatgan 4 ta ishtirokchi jamoa finalga yoʻl oladi. Bugun oʻsha jamoalar nomi aniq boʻldi. Bular: Rossiya, Belarus, Xitoy va Oʻzbekiston.

“Tank biatloni” jamoamiz 2019-yili mazkur musobaqada ilk bor ishtirok etib, faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi. Shundan soʻng vakillarimiz eng kuchli jamoalar oʻrin olgan birinchi divizionda qatnashish imkoniyatini qoʻlga kiritgandi. Bu yil esa tankchilarimiz chinakam matonat koʻrsatib, musobaqaning final bosqichi ishtirokchisiga ham aylandi. Polkovnik Juma Atashev boshchiligidagi yigitlarimizga 27-avgust kuni boʻlib oʻtadigan final bahsida ham omad yor boʻlishini tilaymiz. Olgʻa, Oʻzbekiston!

Leytenant Islomjon QOʻCHQOROV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi, Moskva viloyati “Alabino” poligoni