“ArMI—2022” musobaqalarining dastlabki sovrindorlari tantanali kutib olindi

0
7772

“ArMI—2022” Xalqaro armiya o‘yinlarining Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan “Meridian” hamda “Taktik oʻqchi” yoʻnalishlarida ishtirok etgan oʻzbekistonlik ishtirokchilar yurtimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida delegatsiyamiz vakillari tantanali ravishda kutib olindi.

– Bugun biz VIII Xalqaro armiya oʻyinlarining “Taktik oʻqchi ” yoʻnalishi boʻyicha ishtirok etib qaytdik. Toʻqqizta davlatdan ishtirok etgan jamoalar orasida qozogʻistonlik va xitoylik hamkasblarimizdan keyingi 3-oʻrinni qoʻlga kiritdik, – deydi mayor Farxod Egamyorov. – Oʻtgan yilgi natijalarimizga nisbatan bu yil juda yaxshi natijani egalladik. Bizga yaratilgan sharoitlardan unimli foydalangan holda keyingi yilgi natijamiz bundan ham yuqori boʻlishiga bor kuch gʻayratimizni ayamaymiz.

– “Meridian” yoʻnalishida ishtirokimiz faxrli 3-oʻrin bilan yakunlandi. Bu yoʻnalish harbiy topograflar oʻrtasida oʻtkaziladigan uch bosqichdan iborat bellashuv hisoblanadi. Bu musobaqaning otish marrasi boʻlmish birinchi bosqichida eng yuqori natijani qayd etdim va rekord natijani oʻrnatdim, – deydi kapitan Atabek Satimuratov. – Bunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etishimiz avvalo doʻstlikni, safdoshlarim bilan bir jamoa boʻlib harakatlanishni hamda oʻzimizga boʻlgan ishonchni kuchaytirishga sabab boʻldi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti