“ArMI—2022”: “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida jamoamiz faxrli 2-oʻrinni egalladi

0
1669

Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasi 23-avgust kuni oʻz yakuniga yetdi. Dunyoning jami 15 ta davlati jamoalari oʻzaro bellashgan bahslarda oʻzbekistonlik harbiy tibbiyotchilar faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Mazkur yoʻnalishdagi bellashuvlarni muntazam yoritib borar ekanmiz, erkaklar va ayollardan iborat jamoamiz raqiblariga qaraganda ancha kuchli, mahoratli va sabr-bardoshli ekaniga nafaqat biz, balki ishtirokchi davlatlardan kelganlar ham guvoh boʻlishdi. Chunki har bir shartda vakillarimizning harakatlari alohida ajralib, ular bajarayotgan elementlar barchaning diqqat markazida turar edi.

Musobaqa nizomiga koʻra, erkaklar va ayollardan iborat har bir jamoa tarkibidan oʻrin olgan shifokorlar, oʻrta tibbiyot xodimlari va haydovchilar jami 4 shart: otish tayyorgarligi, yagona toʻsiqlardan oʻtish, maxsus tayyorgarlik (jang maydonidan shartli yaradorli olib chiqib, unga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish) hamda jamoaviy birinchilik boʻyicha kuch sinashdi.

Shuningdek, musobaqa doirasida haydovchilar oʻrtasida maxsus toʻsiqlardan oʻtish bahslarida vakilimiz kichik serjant Doston Mahmudov mahorat koʻrsatib, “Eng ilgʻor haydovchi” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, oltin medalga ega chiqdi.

Kecha ayollar oʻrtasida jamoaviy birinchilik sharti boʻyicha oʻtkazilgan bahslarda jamoamiz 12 daqiqayu 38 soniya koʻrsatkich bilan faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani haqida xabar bergan edik. Bugun esa musobaqaning mana shu soʻnggi hal qiluvchi shartining erkaklar oʻrtasidagi bellashuvlari boʻlib oʻtdi. Unda yigitlarimiz 9 daqiqayu 8 soniya vaqt bilan marraga yetib keldi va shart yakuniga koʻra, 2-oʻrinni egallashdi. Eng qizigʻi, kechagi ayollar bahsida qizlarimiz koʻrsatgan natijani mezbon davlat vakillaridan tashqari boshqa ishtirokchi davlatlarning na erkaklar, na ayollar jamoalari takrorlay olmadi.

Shunday qilib, bugungi yigitlar bahsidan soʻng musobaqaning yakuniy natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra, uchinchi oʻringa Vyetnam va Belarus jamoalari loyiq koʻrilgan boʻlsa, ikkinchi oʻrinni Oʻzbekiston jamoasi va birinchi oʻrinni mezbon davlat vakillari qoʻlga kiritdi.

– Necha ming yillardan beri oʻzgarmas qoida bor: mard maydonda sinaladi! Biz har qanday jamoa bilan ham oʻz kuchimizga, mahoratimizga tayangan holda bellasha olamiz. Chunki biz oʻzbekmiz. Buni bugun yana bir bor isbotladik! – deydi jamoa murabbiylaridan biri tibbiy xizmat podpolkovnigi Oʻktam Mingboyev.

Gʻolib jamoalarni taqdirlash va musobaqaning tantanali yopilish marosimi ertaga oʻtkaziladi.

P.S. Rasmiy xabardan keyin musobaqa jarayonlari haqida ikki ogʻiz gap aytmasak boʻlmaydi. Bu gaplarni jamoamiz shohsupaga koʻtarilganidan keyin tilimizga chiqarishni niyat qilgan edik.

Mubolagʻadan holi gap: vakillarimiz bellashuvlar davomida qolgan ishtirokchi davlatlarga harbiy tibbiyot haqida chinakam master-klass oʻtib berishdi. Boisi bizning jamoa bellashuv shartlariga kirishar ekan, atrofni kuzatuvchilar gurr oʻrab olar, yigitlarimiz-qizlarimiz bajarayotgan amallarga mahliyo boʻlib qolardi. Jamoamiz aʼzolarini qoʻllab-quvvatlab, ularning ismlarini baland ovoz bilan turli tillarda aytayotganini eshitish esa juda yoqimli. Ular bizning jamoaga mana shunday chin muxlis boʻlishdi. Vakilimiz III darajali serjant Valijon Begaliyevni “Sher” (Lion) deb atasa, jamoamizga “Ajdarho” (Drakon) deb nom qoʻyib olishgan. Oʻzbekiston jamoasi nafaqat faxrli oʻrinni qoʻlga kiritdi, balki boshqa jamoalarning mana shunday mehriga ham sazovor boʻldi.

III darajali serjant Bobomurod NURATOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Rossiya Federatsiyasi, Sankt-Peterburg shahri