“Desant vzvodi” jamoamiz peshqadamlar safida bormoqda

0
1177

“ArMI—2022” Xalqaro armiya oʻyinlarining Jazoirda oʻtkazilayotgan “Desant vzvodi” musobaqasining navbatdagi bosqichi yakuniga yetdi.

Mazkur bosqichda dunyoning turli davlatlaridan kelgan ishtirokchilar guruh tarkibida oriyentirlash (moʻljalga olib harakatlanish) sharti boʻyicha 3 ta guruhga boʻlinib harakatlandi. Har bir jamoadan 180 daqiqa vaqt ichida 30 kilometr kvadrat hududda joylashgan nazorat punktlari koʻproq topish talab etildi.

Musobaqaning murakkab jihatlaridan biri — harbiy xizmatchilarga xaritalar startdan 10 daqiqa oldin beriladi. Agarda ishtirokchilar belgilangan punktlarni topishga 180 daqiqadan ortiq vaqt sarflasa, jarima ballari qo‘llaniladi. Umumiy vaqt 30 daqiqadan oshib ketsa, jamoa natijasi bekor qilinadi.

Oʻzbekiston jamoasi mazkur shartni belgilangan vaqt oraligʻida bajarib, 15 davlat orasida uchinchi oʻrinni qayd etdi. Birinchilik mezbon davlatga nasib etgan boʻlsa, ikkinchi oʻrinni Xitoy jamoasi band etdi.

Musobaqaning hozirga qadar oʻtkazilgan shartlari boʻyicha umumjamoa hisobida oʻzbekistonlik harbiylar 2-oʻrinda ketmoqda.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti